Joriy yilning sentyabr-noyabr oylarida Buxoro tarixiy markazi hududida Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Botir Zaripov BAA va Yaponiyadagi “Waiwai design” arxitektura kompaniyalari asoschisi, rejalashtirilgan biyennale kuratori Vayel al Avar bilan uchrashdi. Unda mazkur kompaniyaning yetakchi arxitektorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xalqaro arxitektura va san’atning ilg‘or yutuqlari asosida o‘tkazilishi taklif etilayotgan mazkur anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida ilk marotaba Buxoroda tashkil qilinadi. Natijada mintaqada Buxoroni noyob kreativ klaster xabiga aylantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbirning arxitekturaviy yechimlarini ishlab chiqish maqsadida BAAning “WaiWai” arxitektura tashkiloti jalb qilingan bo‘lib, hozirgi kunda loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorida qayd etilgan Buxoro tarixiy markazi hududidagi 9 ta ob’ektni Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesiga tayyorlash maqsadida restavratsiya, ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish hamda ularning muhofaza hududlarida asfalt-beton qoplamali yo‘l va yo‘laklarda dastlabki loyiha hujjatlariga ko‘ra maxsus toshli qoplamalar yotqizish maqsadida ishlar olib borilmoqda.

Biyennaleni YUNESKO shafeligida o‘tkazish hamda BAA, Fransiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarning yetakchi san’at tashkilotlari vakillaridan iborat Xalqaro kengash tomonidan boshqarish nazarda tutilgan.
Uchrashuvda bajarilayotgan amaliy ishlar natijasi o‘laroq, katta va keng hududda barpo etish amallaridan tashqari, obodonlashtirish masalalarini ham tizimli tashkil etish, aholi va sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi imkoniyatlarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri