Buxoroda “Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni” munosabati bilan «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan «Ayollar tadbirkorligida innovatsiyalar va raqamli iqtisod” – ichki va tashqi bozorlarda ayollar tadbirkorligi rivojining samarali vositasi» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Unda tadbirkor ayollar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlikni endi boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar, huquq tartibot idoralari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Ta’kidalanganidek, mamlakatimiz iqtisodiy – ijtimoiy rivojida ayollar tadbirkorligi kundan-kunga muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda rasman ish bilan band bo‘lmagan 1 millionga yaqin ayollar bor. Bu esa, xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13 foizni tashkil etmoqda.
Hududlarda 20 mingga yaqin ayol og‘ir turmush sharoitida yashaydi. Buxoro shahrining o‘zida 432 nafar og‘ir vaziyatda yashaydigan ayollar mavjud. Aksariyati profilaktik hisobda turadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari ro‘yxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mikroqarz olish niyatidagi yoshlar va ayollar tadbirkorlikka bepul o‘qitilib, yiliga 1 ming 500 ga yaqin yoshlar va ayollarning bandligini ta’minlash, nodavlat tashkilotlar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, eng yaxshi o‘quv markaziga grant ajratish tizimi joriy etilishi belgilangan. Respublikada Jahon bankining 2 million dollar mablag‘i doirasida 15 ming nafar ayolning bandligini ta’minlash loyihalarini jadallashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, qadam ba qadam tadbirkorlikni o‘rganish, moliyalashtirish manbalaridan samarali foydalanish, maslahat va eng yaxshi amaliyotlar bilan o‘rtoqlashish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, shu yo‘nalishga mas’ul davlat va hamkor tashkilotlar, umuman, ayollar tadbirkorlik harakati uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2014 yildan boshlab har yili dunyoning 144 ta mamlakatida “Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni” keng nishonlanib kelinadi.
2016 yildan boshlab esa “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi “Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni” tadbirkor ayollar va keng jamoatchilik ushbu kun doirasida yirik tadbirlarni o‘tkazmoqda.
–Bu bayram tanishuvlar, tajriba almashish va muhokamalar vositasida butun jahon ayollarini birlashtirib turadi. – deydi «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati rahbari Dilbar Axmedova. – Har yili noyabr oyining 16-21-kunlari “Ayollar tadbirkorligi haftaligi” mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkaziladi. Buxoroda ham ushbu haftalik keng nishonlanmoqda.
Mazkur haftalikning asosiy maqsadi xotin-qizlar biznes boshlashlari va uni rivojlantirishlari uchun ilg‘or tajriba, g‘oya, bilim va tashabbuslarni ommalashtirish maqsadida ilg‘or tadbirkor ayollar va tadbirkorlikka qiziqqan yosh xotin-qizlarni bir maydonda birlashtirishdan iborat, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish, innovatsiyalarni rivojlantirib xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun ayollar tadbirkorligining mavjud muammolarini tahlil qilish, biznes muhitini yanada takomillashtirish, tadbirkor ayollarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirishga qaratilgan.
Tadbirda «Mintaqa innovatsion iqtisodiyotida Buxoro viloyatining investitsion potensiali», “Tadbirkorlar qonun himoyasida”, “Ayollar tadbirkorligini rivojlanishida moliyaviy qullab-quvvatlash”, “Tadbirkorlik faoliyatini strategik rivojlantirish jarayonida davlat idoralari va xususiy biznes hamkorligi” mavzularida ma’ruzalar qilindi.
“Maxorat, tajriba, istiqbol, rivojlanish, amalga oshirish” mavzusida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan bir guruh tadbirkor ayollar taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA