Buxoroda “WORLDSKILLS BUKHARA – 2025” V Milliy kasblar chempionatining respublika final bosqichining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi rahbariyati, shuningdek, respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan yosh ishtirokchilar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.


Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar WORLDSKILLS harakati mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda pedagog kadrlarning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar tanlangan yo‘nalishlar bo‘yicha sinov maydonlarida dastlabki bellashuvlarni boshladi. Joriy chempionat doirasida ikki yo‘nalish – “Restoran xizmati” va “Mehmonxona administratori” bo‘yicha 10 nafarga yaqin yosh ishtirokchi o‘z kasbiy mahoratini namoyish etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.