Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, Jinoyat qidiruv boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash bo‘limi tomonidan keng ko‘lamli tezkor va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirlardan biri joriy yilning 7 noyabr kuni shaharda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tezkor xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tadbir natijada 1993 yilda tug‘ilgan yakka tartibda ishlovchi Buxoro tumani Gulshanobod MFYda yashovchi, fuqaro A.T. mahalladoshlari 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro O.Z. hamda uning voyaga yetmagan o‘g‘li 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.N. lar bir guruh bo‘lib, o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirishgan. Ular nazorat tariqasida giyohvandlik vositalarini sotib olish uchun yuborilgan fuqaro N.P. ga Buxoro shahar S.Ayniy ko‘chasida 8 dona “Spichki” yozuvli gugurt quttilarga alohida-alohida qadoqlangan holdagi sof vazni 20.54 gramga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi "Marixuana" giyohvandlik vositalarini 200 AQSH dollari va 400 ming so‘m naqd pul evaziga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika bo‘limining 2020 yil 7 noyabr kunidagi 301-sonli sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur ashyoviy dalil "Marixuana" giyohvandlik vosita ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan gumon qilinuvchilar fuqarolar A.T. va O.Z. hamda uning voyaga yetmagan o‘g‘li Sh.N.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA