Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda Turkiya tibbiyot fanlari universitetining tibbiyot fakulteti va oliy maktabi ochildi
23:55 / 2019-10-16

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida Turkiya Respublikasi Tibbiyot fanlari universitetining tibbiyot fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochildi.


Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida Turkiya Respublikasi Tibbiyot fanlari universitetining tibbiyot fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, sohaning huquqiy asoslari va tibbiy muassasalar moddiy -texnika bazasi mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Albatta, davolash sifat va samaradorligini oshirishda yuqori malakali shifokor kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham taʼlim sifatiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunda jahondagi nufuzli tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bilan aloqalar keng yoʻlga qoʻyilayotir.

Maʼlumki, Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyib Erdoʻgʻonning sayʼ-harakatlari natijasida ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklikka asoslangan har tomonlama hamkorlik munosabatlari rivojlanib bormoqda. Ular doirasida sogʻliqni saqlash masalalari ham keng oʻrin egallaydi. Qardosh mamlakat yurtimiz tibbiyot tizimini rivojlantirishga, jumladan, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda. Jahonga mashhur Turkiya tibbiyot fanlari universitetining buyuk hakim Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida tibbiyot fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochilgani ham mazkur yoʻnalishdagi hamkorlik samarasidir. Mazkur taʼlim muassasalari shaxsan Turkiya Prezidentining joriy yil aprel va iyun oyida imzolagan hujjatlari asosida tashkil etildi.

Turkiya tibbiyot fanlari universitetining BuxDTI qoshidagi tibbiyot fakultetida oʻqish olti yillik boʻlib, bu yerda davolash mutaxassisligi boʻyicha bakalavrlar tayyorlanadi. Uch yillik malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabida esa sogʻliqni saqlash muassasalariga shifokorlar yordamchilari boʻladigan birinchi shoshilinch yordam, fizioterapeya va anesteziologiya yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar yetkazib beriladi.

–Biz tibbiyot ilmining sultoni yurti bilan hamkorlik qilayotganimizdan baxtiyormiz, – deydi Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti rektoriJevdat Erdol. — Bir asrdan ziyod tarixga ega dunyoga mashhur oliy oʻquv yurtimiz Oʻzbekistonda malakali kadrlar tayyorlash sohasida olib borilayotgan ishlarga oʻz hissasini qoʻshadi. Oʻquv dasturlari universitetimiz tomonidan tibbiyot sohasida eng soʻnggi yutuqlar inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standarti talablari nazarda tutilgan holda ishlab chiqilgan. Bu yerda asosan, oliy oʻquv yurtimiz va Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-oʻqituvchilari dars mashgʻulotlarini olib boradi. Talabalar amaliyotlarni Turkiyada ham oʻtashlariga keng imoniyatlar yaratiladi. Buxoro davlat tibbiyot institutining barpo etilayotgan yangi majmuasida klinika qurilishi ham boʻlgʻusi shifokorlarning bilim va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Taʼkidlash kerak, xorij tibbiyot fakultetida dastlabki oʻquv yilida 80 nafar yigit -qiz bakalavriat yoʻnalishiga, shuningdek, malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabiga esa 66 nafar yoshlar oʻqishga qabul qilindi. Tadbirda ular fan asoslarini chuqur egallab, malakali mutaxassis boʻlib yetishish va insonlar salomatligi uchun vijdonan xizmat qilishga oʻzbek va turk tillarida tantanali qasamyod qildi.
–Xorijiy fakultetga oʻqishga kirish uchun bir necha yuzlab yoshlar hujjat topshirgan edi, – deydi talabalardan biri Xurshida Roʻzimurodova. – Bir oʻringa 8 abituriyent daʼvogarlik qildi. Kuchli raqobat sharoitida test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talaba boʻlganimdan baxtiyorman.

Joriy oʻquv yili Buxoro davlat tibbiyot instituti uchun oʻziga xos boʻldi. Turkiya Tibbiyot fanlari universitetining tibbiyot fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi bilan birga institutda xalqaro fakultet ham ochildi. U jahonning turli mamlakatlarida Abu Ali Ibn Sino nomi bilan atalguvchi hamda nufuzi yil sayin oshib borayotgan oliy bilimgohda oʻqish istagidagi yoshlar soni koʻpayib borayotgani inobatga olinib tashkil etildi. Bu yerda yangi oʻquv yilida Turkmaniston, Rossiya, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Pokiston, Qozogʻiston mamlakatlaridan yuzlab talabalar qabul qilindi. Ular safiga yaqinda 100 nafar hindistonlik yoshlar ham qoʻshiladi. Shu tariqa, chet ellik talabalar soni 600 dan oshadi.

–Institutimizda zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash doirasida xorijiy mamlakatlardagi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, – dedi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori professor Amrulla Inoyatov – Joriy oʻquv yilida Rossiya, Dogʻiston, Janubiy-Qozogʻiston, Sankt-Peterburg, Orenburg, Kursk, Hindiston, Kuban davlat tibbiyot universitetlari bilan amaliy hamkorlik boshlandi. Shuningdek, bitiruvchilarimiz Rossiyadagi qator tibbiyot markazlarida klinik ordinaturaga oʻqishga borishi yoʻlga qoʻyildi.

Taʼlim sohasida hamkorlik xalqaro standartlarga javob beradigan, sohaga eng zamonaviy tashxis va davolash texnologiyalari hamda usullarni qoʻllay oladigan shifokor mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.