Aholining muqim daromad manbaiga ega bo‘lishida turizm sohasining ham hissasi bor. Ayni paytda Buxoro viloyatida 96 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etildi. Ular orasida 21 ta mehmonxona, 22 ta xostel, 44 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta kvartira, 1 ta yotoqxona, 1 ta sanatoriya hamda 60 ta o‘tov faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada joylashtirish vositalarining umumiy soni 691 taga yetdi.
Shuningdek, 37 ta yangi turoperator va turagent faoliyati ish boshlashi natijasida ularning soni 223 taga yetkazildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Buxoroga 2 million 701,8 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti hajmi 736,9 million AQSH dollariga yetkazildi. Shu bilan birga, respublika hududlaridan 4 million 783,5 ming nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida Buxoroga tashrif buyurdi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida esa Buxorodan respublika hududlariga 2 million 606 ming nafar mahalliy aholi, korxona va tashkilot ishchi-xodimlarining sayohatlari tizimli ravishda tashkil etildi.
– 2026-yilda oldimizga katta maqsadlarni qo‘yganmiz, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobur To‘xsanov. – Xorijdan kelayotgan turistlar oqimini 3,5 million nafarga, respublikadan kelayotgan sayyohlar sonini 5,5 million nafarga yetkazib, jami 9 million nafar sayyohni viloyatga jalb qilishni rejalashtirganmiz. Bu maqsadlarga erishish uchun targ‘ibot ishlari, infratuzilmani rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlar tashkil etish ishlari tizimli olib borilmoqda. 2025-yilda 20 dan ortiq xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro festival va yarmarkalarda Buxoro viloyatining turizm salohiyati keng targ‘ib qilindi. Buning natijasida sayyohlar oqimi yildan- yilga ortib bormoqda.
Ayni vaqtda viloyatda madaniy turizm, ziyorat turizmi va ekoturizm yo‘nalishlari bilan birga chekka hududlarda yangi turizm lokatsiyalari tashkil etilmoqda. Bu orqali turistlarning viloyatda qolish muddatini uzaytirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va mahalliy aholining daromad manbaini oshirish maqsad qilingan.
[gallery-27827]
Shu bilan birga, viloyatdagi qulay investitsiyaviy muhit xorijiy investorlarni jalb etishga xizmat qilmoqda. Ular mablag‘lari asosida yangi mehmonxona va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda. 2025-yil dekabr oyida ish boshlagan “Ramada Encore by Wyndham Bukhara” uch yulduzli mehmonxona ham shular jumlasidandir.
– Dunyoda betakror qiyofaga ega Buxoro shahrida ish boshlaganimizdan juda mamnunmiz, – deydi mehmonxona bosh menejeri Sevinch Kalyon. — Mehmonxonamiz 112 ta xona va 224 o‘rinli bo‘lib, qisqa vaqt ichida mehmonlar bilan gavjumlashdi, oldindan buyurtmalar qilinmoqda. Buxoroda brend va tarmoq mehmonxonalar yo‘nalishi hali to‘liq shakllanmagani uchun aynan shu shaharni tanladik. Biz Buxoroning tarixiy muhitini zamonaviy xizmatlar bilan uyg‘unlashtirib, sayyohlik salohiyatini oshirishga hissa qo‘shishni maqsad qildik.
Buxoro bugun nafaqat tarixiy merosi, balki xalqaro turizm salohiyati bilan ham jahon e’tiborida. Viloyat vakillari Turkiya, Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, AQSH va qator MDH davlatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda faol ishtirok etdilar. Ushbu maydonlarda Buxoroning turistik imkoniyatlari keng targ‘ib qilinib, xalqaro turistik almashinuvni kengaytirishga mustahkam zamin yaratildi.
Xususan, 70 kun davom etgan Buxoro birinchi Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi shaharning xalqaro madaniy nufuzini yanada oshirdi. 3,5 gektar maydonda tashkil etilgan biyennale doirasida 14 ta tarixiy ob’ekt restavratsiya qilindi, 70 ta art-ob’ekt va installyatsiya yaratildi, 40 ta mamlakatdan 65 nafardan ortiq mashhur rassom va ijodkorlar ishtirok etdi.
– Men Buxoroga kelganimdan juda xursandman, –deydi yaponiyalik sayyoh Koji Ishixama. –Bu yerga kelishdan oldin Samarqand va Xivani ham sayohat qildik. Barcha shaharlar bir-biridan go‘zal. Qadim binolar saqlab qolingan. Bu albatta, xalqingiz boyligidir. Odamlari juda-juda mehribon, chehralari doimo kulib turadi, yordam berishga tayyor.
–Men siz bilan suhbatlashayotganimdan mamnunman, –deydi yaponiyalik sayyoh Yuko Fujimoto. –O‘zbekiston hozir Yaponiyada juda mashhur, shuning uchun ham men bu yerga kelishni orzu qilganman. Orzuyim ushalganidan baxtiyorman. Barcha yapon xalqi, ayniqsa, O‘zbekiston taomlarini yaxshi ko‘radi. Bu hududdagi barcha binolar go‘zal, bir-biridan betakror. Men bu mamlakat va mintaqani chindan ham sevib qoldim. Yaponiyaga qaytganimdan so‘ng barcha do‘stlarim va tanishlarimga O‘zbekistonga, Buxoroga sayohatga borishni tavsiya qilaman.
Buxoro tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan madaniy makon sifatida tanilmoqda.
Qish fasli, sovuq havo va yog‘ingarchilikka qaramay, Buxorodan sayyohlar oqimi uzilmayapti. Chunki bugun xalqaro turizm xaritasida Buxoroning mustahkam o‘rni bor. Madaniy tadbirlar, xalqaro aloqalar va infratuzilmaning rivoji shaharni nafaqat tarixni his qilish, balki zamonaviy taassurotlar olish mumkin bo‘lgan manzilga aylantirmoqda.
–Men elektr muhandisiman va so‘nggi 45 yildan buyon Saudiya Arabistonida ishlayman, –deydi hindistonlik sayyoh Muhammad Seyeduddin. –Shu safarimda xotinim, doktor Fatima bilan birga Buxoroga keldik. So‘nggi uch-to‘rt kun davomida biz Toshkent va Xivani ham ziyorat qildik va hozir Buxorodamiz. Biz O‘zbekiston tarixini va madaniy merosini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishdan juda mamnunmiz. Buxorodagi tarixiy yodgorliklar, masalan, madrasalar, masjidlar va boshqa qadimiy binolar, o‘zining noyob arxitekturasi va bezaklari bilan ajralib turadi. Shu yerda yashab o‘tgan olimlar, hukmdorlar va ijodkorlarning merosi bugungi kunda ham qadrlanadi. Bu tarixiy obidalarni tomosha qilish orqali shahar va mamlakatning boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Biz O‘zbekistonga sayohatimizdan hamda bu yerning tarixi hamda madaniy merosi haqida yanada ko‘proq bilish imkoni bo‘lganidan juda ham xursandmiz.
–Biz Mohi Xossa saroyi haqida avvaldan ma’lumotga ega edik va u Buxoro shahridagi eng mashhur tarixiy obidalardan biri sifatida tanilganini bilardik, –deydi malayziyalik sayyoh Vernon. –Shu sababli ushbu maskanga kelishga qaror qildik. Bizning asosiy maqsadimiz saroyni yaqindan ko‘zdan kechirish, uning tarixiy va me’moriy xususiyatlarini diqqat bilan o‘rganish, shuningdek, bu yer orqali Buxoroni boshqa bir rakursdan tomosha qilishdir. Saroyning noyob arxitekturasi, qadimiy bezaklari va boy tarixi bizni hayratga soldi. Shu yerda vaqtni his qilmay, o‘tmish bilan zamonning uyg‘unlashganligini sezish mumkin. Saroyning ichki hovuzlari, bezakli xona va zallari bizni o‘zining betakror go‘zalligi bilan hayratga soladi, bu yerga kelgan har bir inson uchun alohida taassurot qoldiradi. Shu bois, biz bu yerni o‘zimiz uchun nafaqat tarixiy tajriba, balki Buxoro shahri va uning madaniy merosini yanada yaqinroq anglash imkoniyati sifatida baholaymiz.
Ziyorat turizmi ham Buxoroning alohida brendi hisoblanadi. Qadim vohadagi masjidlar, madrasalar va Yetti pir ziyoratgohlari inson qalbiga orom baxsh etadigan ma’naviy maskanlardir. Bosqichma-bosqich ziyorat sayohatlari Buxoroni boshqa turizm yo‘nalishlaridan ajratib turadigan o‘ziga xos jihat hisoblanadi.
Bundan tashqari, viloyatda “Turizm qishlog‘i” loyihalari doirasida 9 ta tuman va shahardagi 11 ta hududda aniq “Yo‘l xaritalari” asosida ishlar boshlandi. Har bir xonadon sayyohlar uchun ochiq bo‘lib, qishloqlarning turistik xaritalari ishlab chiqildi. Eko-agroturizm yo‘nalishida 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 51,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi gidlar uyushmasining Buxoro viloyati bo‘linmasi tashkil etilib, gid-ekskursovodlar uchun tajriba almashish, malaka oshirish va “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish maydoniga aylandi.
Xulosa qilib aytganda, Buxoro har faslda sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan, muhiti sokin, ma’naviy ruhi yuksak, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror shahardir. Bu yerda sayohat shunchaki dam olish emas, balki vaqt orqali sayohat, qalbni his etish, madaniyat bilan yuzma-yuz kelish demakdir. Buxoroga safar inson hayotida unutilmas taassurotlar qoldiradi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari