Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda turizm sohasi rivojlanmoqda
14:48 / 2025-09-19

Ko‘hna va boqiy Buxoro yil sayin ko‘plab sayyohlarni jalb etayotgan maskanlardan bo‘lmoqda va shu bois, shaharda oilaviy uy-mehmonxonalari faoliyati kengaymoqda. Jumladan, shahardagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida yaqinda faoliyat boshlagan “AS MIR” va “AL-SABIR” mehmon uylari bunga yaqqol misol.

Mahallaning asosiy rivojlanish drayveri hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish bo‘lib, 4 ming 306 nafar aholi, 1 ming 25 ta xonadon, 1 ming 208 ta oila istiqomat qiladi. 

Tadbirkor Nasiba Hayitova tomonidan tashkil etilgan “AS MIR” mehmon uyi 10 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bir kunlik xizmat narxi 100 ming so‘mni tashkil etadi. Loyiha orqali 3 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Olga Yodgorova tashabbusi bilan ochilgan “AL-SABIR” oilaviy mehmon uyi esa 10 o‘ringa ega bo‘lib, 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Qulay joylashuv, zamonaviy xizmatlar va arzon narxlar bilan ajralib turadigan ushbu mehmon uylari Buxoro shahrining turizm salohiyatini oshirish bilan birga, mahalliy aholi bandligi va farovonligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoroda 2025 yilning yanvar-avgust oylarida viloyatga 1 million 482 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 404,2 million AQSH dollarga yetgan. Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 3 million 301 ming 300 nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurdi.

[gallery-25367]

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Buxorodan respublika hududlariga 1 million 520 ming 500 nafar mahalliy aholi, korxona va tashkilot ishchi-xodimlarining sayohatlari tizimli tashkillashtirildi. 

Turizm va yondosh sohalarda 5,8 ming nafar yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi natijasida bugungi kunda turizm va unga yondosh sohalarda 80 ming nafarga yaqin aholining bandligi ta’minlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.