Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan NNT va Do‘stlik uyida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi, “Qiziq yarim oy” jamiyati Buxoro viloyati bo‘linmasi, Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda “Toza hudud” aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, NNTlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Bugun ekologik muammolar dunyo sahnasidagi qisqa fursatlar ichida hal etilishi va jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Boisi, ekologik vaziyat va muammolarning insoniyat hayotiga, salomatligiga bo‘lgan ta’sir doirasi kun sayin ortib bormoqda. Shu bois, butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
[gallery-24146]
Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish, ekologik toza hudud rejimini joriy qilish belgilangan. Shuningdek, shaharlar bosh rejalarini tuzishda ular hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi, turar-joy binolarini qurishda “yashil maydon”larni aholining soniga mutanosib bo‘lishini ta’minlash hamda atrof muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini prognoz qilish tizimini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Aksiya doirasida NNT va Do‘stlik uyi oldidagi bog‘da hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bog‘ atrofi begona o‘tlardan va chiqindilardan tozalandi, ko‘chat taglari yumshatildi va sug‘orildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/T5pggrMc5EM" title="Buxoroda “Toza hudud” aksiyasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.