English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “to‘rt yulduzli” mehmonxona ochildi
19:45 / 2022-12-27

Buxoro viloyatida “Wyndham Hotels & Resorts” xalqaro mehmonxonalar tarmog‘iga tegishli yana bir mehmonxona – “RAMADA ENCORE BY WYNDHAM BUKHARA” ish boshladi. Mehmonxonaning ochilish marosimida soha mutasaddilari, shuningdek, mehmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Mazkur “to‘rt yulduzli” mehmonxona barcha qulayliklarga ega 212 xona, 450 nafar mehmon o‘rniga, qolaversa, yuqori qavatda joylashgan “Sky Lounge”, sog‘lomlashtirish klubi, konferens-zal, biznes markazi hamda lobbi launjga egaligi bilan ajralib turibdi.  

Tantanali ochilish tadbirida Turizm va madaniy meros vazirining o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini o‘qib eshittirdi.  

Viloyat hokimi Botir Zaripov o‘z so‘zida tarmoq mutasaddilari, viloyat jamoatchiligini muhtasham mehmonxona bilan samimiy muborakbod etdi. Uning qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan barchaga, xorijiy investorlar, loyihachi muhandis va quruvchilarga o‘z  minnatdorligini bildirdi.  

Tadbirda yig‘ilganlar “WYNDHAM BUKHARA” mehmonxonasida yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.  

Viloyatda xorijiy investitsiya miqdori 28 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 3 ta yirik mehmonxona qurilishi yakuniy bosqichda. Viloyat markazida Hindistonning “Metric Ventures” MCHJ hamda Buyuk Britaniyaning “Wide Tent System” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan besh yulduzli “Hyatt Regency” hamda to‘rt yulduzli “WYNDHAM” brendlari ostidagi mehmonxonalar to‘la quvvat bilan o‘z faoliyatini boshlaydi.  

Ayni kunda viloyatda zamonaviy va talabga javob beradigan mehmonxonalar soni 200 taga yaqinlashgan bo‘lsa, ularda bir kunda 60 mingdan ortiq mehmonga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Takomillashtirilayotgan soha faoliyati tufayli joriy yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyoh soni 4 million nafardan oshgan bo‘lsa, ularning 550 ming nafardan ortig‘ini chet ellik turistlar tashkil etmoqda. Shu nuqtai nazardan, yakunlanayotgan yilda viloyatda xorijiy hamkorlar investitsiyasi asosida o‘ttizdan ortiq zamonaviy mehmonxona qurib, ishga tushirilmoqda.  

Prezidentimiz raisligida 2022 yil 7 iyun kuni “Xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini oshirish chora-tadbirlari”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda joylashtirish vositalari, zamonaviy mehmonxonalar va terrasalardan keng foydalanish, ularda servisni rivojlantirish bo‘yicha Buxoro tajribasini 28 ta shahar, barcha tuman markazlari hamda poytaxt tumanlarida joriy qilish lozimligi alohida ta’kidlangan edi. Hozirda birgina Buxoro shahridagi 28 ta mehmonxona va restoranning tom qismida ochiq terrasaga ega 2 420 kishini qabul qilishga mo‘ljallangan ovqatlanish shaxobchalari tashkil qilingan. Bu yangicha yo‘nalishga mahalliy va xorijiy sayyohlar birdek yuqori qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, shu yil davomida Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan 11 ta loyihaning tom qismida umumiy ovqatlanish uchun mo‘ljallangan 1 250 o‘rinli milliy hamda yevropacha ochiq terrasa tashkil etilmoqda.  

Joriy yilning birinchi yarmida sayyohlikdan viloyat iqtisodiyotiga 763 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tushgan. Turizm va unga yo‘ldosh xizmat ko‘rsatish sohalarida 20 ming nafarga yaqin aholining muqim ish o‘rni bilan bandligi ta’minlangan. 2017-2021 yillarda mehmonxonalar soni to‘rt, turistik restoran, gid-ekskursovod, turoperator va tashrif buyurgan sayyohlar soni besh baravarga oshgan.  

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning 11 oyi davomida Buxoro shahriga 550 mingdan ortiq xorijiy, 2 million 700 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. Sayyohlarning Buxoro shahrida qolish muddati o‘rtacha 3,5-4 kun hisoblanadi. Ularning kunlik xarajati xorijlik mehmonlarda 250 AQSH dollari, mahalliy mehmonlarda esa o‘rtacha 350 ming so‘mni tashkil etadi.  

Zarif Komilov, O‘zA