Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda suv ta’minoti va kanalizatsiya loyihasining 2-bosqichi boshlanmoqda
13:36 / 2024-02-10

Buxoro viloyatida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, viloyatning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki” ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

“O‘zsuvta’minot” AJ, shuningdek, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki – OIIB mas’ul vakillari, “Buxoro suv ta’minot” MCHJ rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbir mazkur loyiha hamda bu boradagi Prezident qarori mazmun-mohiyati, uning amaliyotiga bag‘ishlandi.

Tarmoq mutasaddilari, loyihachi, pudratchi sub’ektlar rahbarlari ishtirok etgan o‘quv-amaliy seminarda “Buxoro suv ta’minot” MCHJ direktori Mo‘min Amonov, OIIB loyiha muvofiqlashtirish guruhi xaridlar va shartnomalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Aziz Safarov, “O‘zsuvta’minot” AJ loyiha muvofiqlashtirish guruhi rahbari Muhammadali Musaddinov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bosh mutaxassisi Shavkat Yuldashevlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, OIIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish doirasida 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan va 25 yilda qaytarish sharti bilan 248,40 million AQSH dollari miqdoridagi qarz ajratilishi ma’qullangan. Bu yirik loyihaning umumiy qiymati 281,25 million AQSH dollarini, shu jumladan, OIIB qarzi 248,40 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona imtiyozlari ko‘rinishida 32,85 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Ishlab chiqilgan loyihani amalga oshirish davri 5 yilni, 2023-2027 yillarni o‘z ichiga oladi va bu jarayonda Buxoro viloyati hokimligi, “O‘zsuvta’minot” AJ, Bosh prokuratura hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan hamkorlikdagi tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

“Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasining 2-bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Jumladan, birgina Vobkent tumanini olsak, hududda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha 26,77 million AQSH dollari qiymatida 4 ta suv taqsimlash inshootini qurish, 5 ta gidroinshoot va 2 ta nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, shuningdek, tumandan o‘tgan “Damxo‘ja” magistral suv tarmog‘ida 1 ta ishlab chiqarish bazasini qurish, qolaversa, 386,9 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini qurish, 102,9 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini qayta ta’mirlash va tiklash, umumiy hisobda 35 ming 358 dona suv hisoblagich o‘rnatish kabi loyihalar amalda boshlanmoqda.

Xuddi shunday, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha G‘ijduvon tumanida 57,74 million, Shofirkon tumanida 42,82 million AQSH dollari qiymatiga teng bo‘lgan tarmoqni qurish va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, loyiha doirasida Romitan tumanida 442 kilometr, Peshkuda 305,9 kilometr, Jondor tumanida 409,3 kilometr ichimlik suvi quvurini tortish maqsad qilingan.

Shu kabi chora-tadbirlar qatorida Buxoro va Kogon shaharlarida, Buxoro va Jondor tumanlari markazlarida oqova tarmog‘ini qayta qurish va rekonstruksiya qilish ham nazarda tutilgan. Umuman, viloyatda oqava tarmog‘i bo‘yicha jami 568,5 ming aholiga markazlashgan xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, shuningdek, 381 ming aholi iste’molchilarining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish ko‘zda tutilgan.

Seminar muhokamasida soha mas’ul mutasaddilari yuqoridagi kabi loyihaning har bir shahar va tumanda bajariladigan qismlariga to‘xtalib, tashkiliy jihatlari, moddiy-texnik imkoniyatlariga e’tibor qaratdilar. Tadbirda mahalliy pudratchi tashkilotlar mas’ullari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri