Gastronomiya turizmning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yil sayin mamlakatimiz, jumladan, Buxoro viloyatiga keladigan sayyohlar sonining oshib borishida ham o‘zbek milliy oshxonasining ahamiyati beqiyos.
Aynan gastronomiyaning yuqori darajada bo‘lganligi natijasida sayyohlarning ma’lum bir mamlakatga qaytib kelishi an’anaga aylangan. Bu an’ana yurtimizga ham kirib kelgan.
Xo‘sh, gastronomik ko‘cha nima? Turli qatlamni jalb qilish uchun barpo etilgan, hudud va mamlakatning pazandalik an’analarini ko‘rsatadigan, shu bilan birga xorijiy sayyohlar orasida mashhur va urfga kirgan jahon gastronomiyasi (fest and national food, steak, spagetti va hokazo.) namunalarini taklif qiladigan ovqatlanish, ichish, sayr qilish, zavqlanish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar, 24 soat faoliyat yuritadigan ko‘chadir.
Ayni shu maqsadda Buxoroda barpo etilayotgan “Gastronomik ko‘cha”ni shaharga keladigan har bir mehmonning kamida bir marta tashrif buyuradigan manziliga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur ko‘cha Buxoro shahrining Islom Karimov ko‘chasida tashkil etilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentyabrdagi “2022-2026 yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan gastronomik ko‘chaning uzunligi 820 metr bo‘lib, mavjud xizmat va savdo shoxobchalari soni 36 tani tashkil etadi. Shundan 9 tasi umumiy ovqatlanish shoxobchalari hisoblanadi. Shuningdek, gastronomik ko‘chada 22 ta do‘kon va 50 ta ko‘chma savdo shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida 190 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Gastronomik ko‘chada “Bravo Lider” restorani faoliyat boshladi. Restoran milliy va yevropa taomlariga ixtisoslashgan bo‘lib, 200 kishiga mo‘ljallangan. Loyiha ishga tushishi natijasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Restoranning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, halol sertifikatini olish borasida ham amaliy ishlar boshlangan.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi va shahar hokimligi mutasaddilari hamkorlikda gastroko‘chada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bu yerda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ularning fikr-mulohaza, taklif va muammolari tinglandi. Gastroko‘cha loyihasi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan har bir tadbirkorning binosi ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarga vazifalar berildi. Yaqinda ushbu joy Buxoro turistik salohiyatini yanada ko‘taruvchi obod, mehmonlar va shahar aholisining sevimli maskaniga aylanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA