Buxoro viloyati soliq boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatda stol tennisini rivojlantirishga, yoshlarni ushbu sport turiga jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi va viloyatdagi 4-sektor hamkorligida viloyat soliq boshqarmasidagi mavjud sport zali jahon andozasiga mos ravishda qayta ta’mirlanib sportchi yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Sport zalining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi stol tennisi federatsiyasi raisi o‘rinbosari, viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati, sport faxriylari hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
[gallery-14156]
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mazkur muhtasham sport zali Buxoro viloyatida sportni, jumladan, stol tennisini yanada rivojlanishida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Stol tennisi bo‘yicha faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgan sportchi yoshlar hamda murabbiylarga federatsiyaning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Buxoro viloyatida stol tennisi sport turi bilan shug‘ullanish uchun 79 ta bo‘lim tashkil etilgan. Shundan 75 ta bo‘lim sport maktablarida, 3 tasi ixtisoslashtirilgan sport maktablarida, 1 tasi olimpiya va paralimpiya sport maktabida joylashgan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA