English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “Sayyor qabul oyligi” davom etmoqda
12:52 / 2020-12-18

Buxoroda “Sayyor qabul oyligi” doirasida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda shahar va tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan birinchi rahbarlar va tegishli mas’ullar ishtirokida qabullar tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlar 10 dekabrdan 10 yanvarga qadar davom etadi.

– Ayni paytga qadar Buxoro, Kogon shahri hamda Vobkent, Buxoro tumanlarida ana shunday qabullar bo‘lib o‘tdi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – Qabullar jarayonida o‘qituvchilar, ota-onalar va keng aholi vakillari o‘zlarini o‘ylantirayotgan ko‘plab muammolar, savollar bilan mutasaddilarga murojaat qilmoqda. Qabullar davomida qurilish va ta’mirlash ishlari, ishga joylashtirish va maktabni jihozlash kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda. Mazkur murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etilmoqda. Qolganlarini esa tegishli tashkilotlar hamkorligida hal etish choralari ko‘rilmoqda.

–Buxoro davlat universitetining 4-bosqich talabasiman, – deydi Dilfuza Norova. – Anchadan beri ishga kirish istagida edim. Bugun ana shu istagim amalga oshdi. Mas’ullar ko‘magida men Jondor tumanidagi 17-umumta’lim maktabiga 0.5 stavka amaliyotchi psixolog vazifasiga ishga joylashdim.

– Ish bor joyda kamchilik va muammolarning bo‘lishi tabiiy, – deydi Buxoro tumanidagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Naim Idiyev. – Bizning ta’lim muassasamizda ham kamchiliklar yo‘q emas. Fizika xonasining pol qismi ancha uniqib qolgan, maktabimizning ikkinchi binosidagi qozonxona ta’mirga muhtoj. Sayyor qabul jarayonida ayni shu masalada murojaat qildim. Xalq ta’limi bo‘limi mudiri topshirig‘i murojaatim ijobiy hal etiladigan bo‘ldi

– Tumanimizda o‘tgan sayyor qabul jarayonida fuqarolardan 11 ta murojaat kelib tushdi, – deydi Vobkent tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Murodillo Farmonov. – Farzandini maktabdan maktabga ko‘chirish, tayyorlov guruhlarida o‘qishini davom ettirish, ishga joylashish kabi masalalardagi murojaatlarning 8 tasi shu joyning o‘zidayoq ijobiy hal qilib berildi. 1 tasi nazoratga olindi. 2 tasiga tegishli tartibda tushuntirish berildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida fuqarolarning ko‘plab murojaatlari joyida o‘z yechimini topmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA