Bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olish, ya’ni profilaktik tibbiyotni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Bu borada Buxoro viloyatida bir oy davom etgan va keng jamoatchilikni qamrab olgan “Salomatlik marafoni” sohadagi eng ilg‘or yondashuvlarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur yirik loyihaning tantanali yopilish marosimida viloyat hokimligi, tibbiyot muassasalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bir oylik izlanishlarning samaradorligi sarhisob qilindi.
Marafon doirasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami va natijadorligi soha mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Xususan, tadbirning birinchi bosqichida Buxoro shahridagi 11 ta oilaviy poliklinikada faoliyat yuritayotgan 66 nafar tibbiyot xodimi mahalliy trener sifatida tayyorlandi. Keyingi bosqichda esa ushbu mutaxassislar tomonidan 699 nafar tibbiyot xodimining kasbiy malakasi oshirilib, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va raqamli tibbiyot (DMED) tizimi bo‘yicha ishlash ko‘nikmalari mustahkamlandi. Shuningdek, “Oila salomatligi maktabi” loyihasi doirasida 45 ta umumta’lim maktabi hamshiralari uchun sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlik bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazildi.
Marafonning eng muhim jihatlaridan biri — tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish bo‘ldi. Oilaviy poliklinikalar 18 turdagi laborator va 29 turdagi instrumental tekshiruvlar o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Jumladan, tashkil etilgan mobil mammograf va maxsus tibbiy xizmat ko‘rsatish poliklinikasi chekka hududlardagi aholi uchun ham yuqori texnologik tekshiruvlardan o‘tish imkoniyatini yaratdi.
Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Eler Oltiyev ta’kidlaganidek, ushbu marafon aholini erta skrining va profilaktik xizmatlar bilan qamrab olish orqali shifokor va bemor o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Yoshlar ishlari agentligi volontyorlari va tez tibbiy yordam brigadalari hamkorligida yotoq holatidagi bemorlar tibbiyot markazlariga keltirilib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda zarur dori vositalari bilan ta’minlandi. Bu jarayonda 7 turdagi skrining tekshiruvlari kasalliklarni erta aniqlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-27538]
Buxoroda o‘tkazilgan “Salomatlik marafoni” sog‘lom jamiyat sari tashlangan strategik qadam bo‘ldi. Marafon yakunida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda faol ishtirok etgan 25 ta tashkilot jamoasi tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Bu kabi tashabbuslar profilaktik tibbiyotni rivojlantirish orqali millat genofondini asrash va xalqimizning tibbiy xizmatdan roziligini ta’minlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA