Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda reyd: 1,4 milliard so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
14:31 / 2025-12-25

Aholini barqaror va xavfsiz yoqilg‘i-energiya resurslari bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy gazdan foydalanishda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab tizimli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayonlarda gaz ta’minoti korxonalari, nazorat organlari hamda tegishli idoralar o‘zaro hamkorlikda ish olib borib, noqonuniy ulanishlar va resurslardan asossiz foydalanish holatlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ana shunday tadbirlar doirasida Buxoro viloyatida ham qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi.

“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Buxoro tumani “Gulshanobod” MFYda joylashgan “D. J. 2.” oilaviy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish maskanida xatlov o‘tkazilgan.

– Unga ko‘ra, iste’molchi ta’minot tashkiloti bilan shartnoma rasmiylashtirmasdan o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib olgan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzildi va dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra keltirilgan zarar 1 milliard 160 million so‘mni tashkil qildi.

Yana bir holat viloyatning Shofirkon tumanida qayd etildi. “Mingchinor” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro X. B. o‘z xonadonidagi issiqxonani qizdirish maqsadida hisoblagichdan tashqari tarmoq tortib, “zango‌ri yoqilg‘i”dan o‘g‘rincha foydalanib kelayotgani aniqlandi. Holat bo‘yicha 135 million 360 ming so‘m zarar qayta hisob-kitob qilindi.

Barcha holatlarga tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, – deya ta’kidladi axborot xizmati rahbari D.Jumaniyozova.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA