Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda rahbarlarning psixologik holati o‘rganilmoqda
13:40 / 2021-02-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filialida psixologik ishchi guruhi faoliyat boshladi.

Filial tomonidan tashkil etilgan psixologik ishchi guruhi a’zolari tomonidan 20 nafardan ortiq boshqarma, tashkilot va idoralarning kadrlar bo‘limi boshliqlari uchun jamoaviy trening tashkil etildi. Unda kadrlar bo‘limi boshliqlarining xodimlar bilan samarali muloqot o‘rnatish, jamoaga ta’sir o‘tkazish usullari, shuningdek ish jarayonida yuzaga kelayotgan ijtimoiy-psixologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Malakali psixologlar tomonidan viloyatning barcha tuman va shahar hokimlarining stressga bardoshligini kuchaytirish, ishdagi ruhiy zo‘riqishlarni oldini olish hamda xalq bilan muloqot o‘rnatishda duch keladigan muammolarni oldini olishga qaratilgan individual psixologik suhbatlar ham o‘tkazildi.  

-  Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida  mazkur ishchi guruhi tuzildi, -deydi filialning Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi bosh inspektori Murod Aminov. - Psixologlar tomonidan o‘tkazilayotgan individual suhbatlar rahbarlarning kelgusida  faoliyatini samarali tashkil qilishga, xodimlar va aholi bilan muloqotchanlik muhitini shakllantirishga ko‘maklashadi.

- Psixologik guruhi a’zolari tomonidan individual suhbat tashkil etildi,  -- deydi  Romitan tumani hokimi Xurshid Tohirov. - Ushbu suhbatlar har oyda kamida 2 marotaba o‘tkazilishi lozim deb o‘ylayman. Sababi rahbarlarning mehnat faoliyatidagi har bir harakati inson ruhiyati bilan bog‘liq. Bunday erkin suhbatlar esa insonni kasbi va oilasiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Suhbat yakunida psixologlar tomonidan har bir rahbarning psixologik holatidan kelib chiqib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA