Buxoro shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining kotibiyatlari, doimiy komissiyalari rahbarlari, sohaga tegishli mas’ullar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E. Gadoyev ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 7 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda senatorlar tomonidan 11 ta masala, shu jumladan 6 ta qonun muhokama etildi.
[gallery-9164]
Jamiyat taraqqiyoti, mamlakat rivoji qonun ustuvorligi bilan kafolatlanadi. Har qanday global sharoitda, har qanday vaziyatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish muhim vazifalardan sanaladi.
Yig‘ilishda qabul qilingan qonunlar bo‘yicha qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi. Ularning bildirgan takliflari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Senat, Senat Kengashi va qo‘mitalarning qarorlari hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar o‘rganildi. Senatga kelib tushgan murojaatlarni joyida ko‘rib chiqish va bu borada tegishli amaliy yordam ko‘rsatish masalalari ham joylarda atroflicha muhokama etildi.
Xuddi shunday tadbir Kogon shahar xokimligida ham bo‘lib o‘tdi. Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA