Buxoro shahrida uzunligi 32 metr, kengligi 4,5 metr, balandligi 2,5 metr bo‘lgan piyodalar yer osti o‘tish yo‘li foydalanishga topshirildi.
Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 272-kilometrida tibbiyot shaharchasi, “Karvon” buyum bozori hamda bosh bekatlar borligi hisobidan piyodalar oqimining juda ham serqatnovligi, qolaversa, aholining talab va istaklari inobatga olingan holda bu yerda piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurildi.
Piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilishi “Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi tomonidan amalga oshirildi.
[gallery-11073]
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, sektorlar rahbarlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
–Biz turgan joy shahardagi eng tirband yo‘llardan biri hisoblanadi, – dedi viloyat rahbari. – Yer osti yo‘li qurilishi natijasida bu yerdagi tirbandlik bartaraf etildi. Yo‘l-transport hodisalarining oldi olinib, piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi. Fuqarolarimizning takliflarini inobatga olib, markaziy ko‘chalar va magistral yo‘llarda harakat tezligi o‘rganilgan holda boshqa hududlarning serqatnov yo‘llarida shu kabi yer osti o‘tish joylarini quramiz. Bu ham odamlarimizga bir yengillik.
Yig‘ilganlar yer osti o‘tish yo‘lining imkoniyatlari bilan tanishdi.
–Ko‘pchilik yaxshi biladi, Buxoro viloyati tuprog‘idagi injiqlik sabab shahar hududida mavjud yerosti yo‘llari zax suvlariga to‘lib, namlanib, cho‘kishi oqibatida ular ko‘milib, faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan, – deydi viloyat Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i Murod Berdiyev. –Ammo avtomobillar sonining ko‘payib borayotgani bois odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun yerostidan o‘tish yo‘llarini tiklash zarurati tug‘ildi. Albatta, mazkur yer osti yo‘lini qurishda tuproqdagi zaxlik va yuqori darajadagi namlik ta’sirini yo‘qotishga katta e’tibor qaratildi. Bunda tajriba sinovdan o‘tgan usullardan foydalanildi. Shuningdek, yer osti yo‘li qurilishi jarayonida drenaj tarmoqlari o‘rnatildi. Qisqa aytganda, hech qanday zax yer ostidan o‘tish yo‘liga ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA