Buxoroda turistik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Polshaning “Nova-Sonch” sayyohlik palatasi faoliyati taqdimoti bo‘ldi. Buxoroning turistik imkoniyatlari, turpaketlar hamda xizmatlar haqida ham soha vakillariga ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida ikki tomon soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Xususan, viza masalalari, uning narxi, charter reyslar, polshalik sayyohlar qiziqishi, o‘zbek sayyohlari uchun Polshaning tarixiy, madaniy va ko‘ngilochar joylari haqida so‘z bordi. Tomonlar turpaketlari va sayyohlik xizmatlari bilan o‘zaro bo‘lishdi.

– Buxoroga ikkinchi marotaba kelishim, o‘zgarishlar juda katta, – deydi Polsha sayyohlik palatasi prezidenti Pavel Tseslitskiy. – Polshalik sayyohlar ham bu go‘zallikni ko‘rishi kerak, deb o‘ylayman. Hamkorlik natijasida sayyohlarni Buxoroga jalb qilamiz, degan umiddaman.
Uchrashuv so‘ngida Polshaning “Nova-Sonch” sayyohlik palatasi va Buxoro viloyati turizm boshqarmasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri