Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishish maqsadida Respublika Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida bo‘ldi.
Dastlabki manzil “Bo‘zachi” mahallasi bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosari bu yerda “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi” faoliyati bilan qiziqdi. Markazda xorijdan, mehnat migratsiyadan qaytib kelib, shu yerda o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Fillura Qurbonovaning tikuvchilik ishi mutasaddilarni befarq qoldirmadi.

-Tikuvchilik faoliyatimni boshlaganimga ko‘p bo‘lmadi. Shunday bo‘lsada, buyurtmalarim bisyor. O‘z hunarim ortidan kuniga 300 ming so‘mgacha daromad topyapman. Bundan tashqari, mahalladagi 4 nafar xotin-qizni o‘zimga shogird qilib olib, hunarimni o‘rgatyapman. Kasb-korli ayol hech qachon kam bo‘lmaydi. Seximizda esa tikuv mashinalarni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilganmiz, - deydi chevar Fillura Qurbonova.

Zulayho Mahkamova tumandagi “Axtam Davron” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi. Bu yerda paxta terimida faol ishtirok etayotgan otryad rahbarlari hamda terimchilar bilan samimiy kechgan uchrashuvda peshqadam faollarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Dehqonchilik bilan birga chorvachilikda va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ko‘p tarmoqli faoliyatini rivojlantirayotgan “Buxoro Agroklaster chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyat Bosh vazir o‘rinbosari e’tiboridan chetda qolmadi. Bugunga kelib mazkur chorvachilik majmuasida go‘sht va sut yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Kuniga 30 tonnaga yaqin sut olinib, qayta ishlamoqda.

Zulayho Mahkamova majmuani ko‘zdan kechirar ekan, korxonaning kelgusidagi rejalari, istiqboldagi loyihalar amaliyoti bilan ham tanishdi. Mavjud imkoniyatlardan foydalanib, majmuada xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Besh tashabbus markazi”da ham o‘rganishlar olib borildi. Bu yerda xotin-qizlar va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni seksiyalarga jalb qilishga doir shart-sharoit yaratilgan. “Oila va xotin-qizlar markazi” ham aynan shu yerda joylashgan. Mazkur markazda malakali psixologlar, boshqa mas’ullar tomonidan oilaviy zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ruhiy hamda huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, hududda fitnes va gimnastika zallari mahalla xotin-qizlarining xizmatida. O‘rganishlar yakunida mazkur maskanda respublika miqyosidagi tadbirlar tashkil etish taklifi ilgari surildi. Tegishli mas’ullarga qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.