Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tashabbusi bilan milliy mahsulotlarni Yevropa davlatlariga onlayn va oflayn savdo orqali chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Buxoro viloyatida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Buxoro viloyati Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi viloyat bo‘linmasi xodimlari hamda Toshkent shahar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Sayyora Jo‘rayeva ishtirok etdi. Tadbir Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan hunarmand va tadbirkor xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad hunarmand xotin-qizlarni zamonaviy raqamli savdo bilan tanishtirish, xususan, o‘z mahsulotlarini xalqaro onlayn platformalarga bepul joylashtirish jarayonlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berishdan iborat bo‘ldi. Seminar jarayonida ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini onlayn platformalarga joylashtirish bo‘yicha bevosita amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Shuningdek, tadbirda “Xon Saroy” brendi asoschisi Farida Qulmatova tomonidan tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, brend yaratish, mahsulotlarni to‘g‘ri qadoqlash va taqdim etish, shuningdek, hunarmand xotin-qizlarning mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish va savdoni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qimmatli amaliy tajribalar ulashildi.
Ushbu seminar hunarmand va tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.