Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda ona vatanimiz madh etildi
15:40 / 2023-03-31

Buxoroda “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, otashnafas shoirlarning she’rlari yangradi. O‘zbek Milliy drama teatri hamda viloyat musiqali drama teatri jamoalarining sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Saidkomil Umarov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Shohida Ismoilova, Uchqun Tillayev, shuningdek, taniqli estrada xonandalari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist G‘iyos Boytoyev, xushovoz xonanda Erkin Ismoilov, qolaversa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev va boshqalarning chiqishlari yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi.  

–Mamlakatimizdagi tinch va osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, to‘kislik va farovonlik, oqibat, o‘zaro mehr va muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror musiqiy dastur orqali yana bir karra o‘z ifodasini topdi, –deydi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. – Yurtimizdagi tinchlik va totuvlikni, ahillik va hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani rang-barang musiqiy chiqishlar vositasida yana bir karra namoyon bo‘ldi.  

Tadbirda Ona Vatanni madh etuvchi ijod namunalari qatorida, yurtning sodiq o‘g‘lonlari, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ustoz-murabbiylar, faxriylar, Vatan uchun jon fido qilgan posbonlar yodga olindi.  

–“Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kecha qadim Buxoroda yuqori saviyada o‘tgani barchamizni xushnud etdi, – deydi poytaxtdan tashrif buyurgan adabiyot va san’at ahli nomidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul xodimi, shoir Shodi Otamurod. – Ilm va ijod ahli, ayniqsa, talabalar har bir chiqish va badiiy dasturni gulduros olqishlar bilan kutib olgani bizni ruhlantirdi. Sharif shahardan sog‘inch bilan eslagulik taassurotlar bilan qaytmoqdamiz. Shu o‘rinda, boqiy va hamisha navqiron shaharning tarixiy obidalari ko‘plar qatorida meni ham maftun etgani alohida mavzu.  

Bu aziz va muqaddas Vatan buyuk ajdodlardan avlodlarga merosdir. Shu bois uning taraqqiyoti yo‘lida ozmi, ko‘pmi hissa qo‘shish o‘zini shu yurt farzandiman deb bilgan har bir inson uchun ham qarz, ham farzdir.  

Zarif Komilov, O‘zA