Joriy yilning 18-19 yanvar kunlari Ta’lim inspeksiyasi ishchi guruhi ta’lim sifatini o‘rganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.
O‘rganish yakunlari bo‘ycha 19 yanvar kuni Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatdagi pedagoglarning attestatsiya jarayonlari qayd etayotgan natijalari bu boradagi yutuq va kamchiliklar ham muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda viloyat maktablaridagi oliy toifali pedagoglar soni 2 barobarga oshgan. bugungi kunda viloyat maktablarida ishlayotgan jami 26 145 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning 1 716 nafari (6%)ni oliy toifali o‘qituvchilar tashkil etadi. 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 2,6 foizni tashkil etardi. Shuningdek, o‘qituvchilarning 5 044 nafari (17,7%)ni birinchi toifali, 8 461 nafari (29,6%)ni ikkinchi toifali o‘qituvchilar tashkil etadi. Bu respublika miqyosida boshqa hududlarga qaraganda yaxshiroq ko‘rsatkich sanaladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev qanday qilib viloyatda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi qisqa muddatda oshganiga izoh berib o‘tdi.
– O‘rganish davomida viloyatdagi malakali o‘qituvchilar tomonidan nodavlat malaka oshirish kurslari tashkil etilib, u yerda o‘qituvchilarga toifa sinovlariga tayyorgarlik bo‘yicha kurslar tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik. O‘qituvchilar hududiy malaka oshirish markazida ololmagan bilimlarini aynan shu kurslarda olishgan va bu kurslarning natijadorligi o‘qituvchilar tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Bu yana bir bor pedagoglar malakasini oshirishga xususiy sektorni keng jalb etish tashabbusimiz to‘g‘riligining yana bir isbotidir, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i.
Yig‘ilishda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi faoliyatida mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, markazda o‘qituvchining malaka oshirishdan keyingi faoliyatini o‘rganish va tahlil qilishning mukammal elektron portfolio tizimi ishlab chiqilmaganligi, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanmaganligi, amaliy fanlar (texnologiya, tasviriy san’at va chizmachilik, musiqa)dan tinglovchilar uchun amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun jihozlarning mavjud emasligi, aksariyat tinglovchilarning minimum talab darajasida AKTdan (40-50%) foydalanishni va chet tilini (80-90%) bilmasligi malaka oshirishni samarali tashkil etish imkonini bermayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i ushbu markazga yangi rahbar tayinlangani va yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun harakatlar boshlanganini ham ta’kidlab o‘tdi.