Ko‘hna va boqiy Buxoroda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.Unda barcha shahar va tumanlar, milliy madaniy markazlar, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar mas’ullari, yurtimiz xalq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘z beminnat xizmati bilan hurmat-e’tibor qozongan fidoyilar, mehnat faxriylari va, albatta, har sohada yetakchilik iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar, qolaversa, qadim yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni yasharish va yangilanish ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, bugun viloyat ahli, mahalla va ko‘chalarda, maydon va xiyobonlarda, tabiat bag‘rida sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘z ayyomini kutib olmoqda. Barcha yurtdoshlarimiz katta shod-u xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda. Xalqimizning tabarruk zaminimizga, ona diyorimizga mehri, o‘zaro ahillik, mehr-oqibat fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu dilbar faslda tabiatdagi o‘zgarishlarga uyg‘un bo‘lib, jamiyatimiz, hayotimiz ham o‘zgarib, yangilanib bormoqda. Yangi-yangi uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, zamonaviy korxonalar, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
[gallery-16539]
Bu esa yurtimizda olib borilayotgan odamlarning dard-u tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga e’tibor va yordam ko‘rsatish kabi xalqchil islohotlarning Navro‘z qadriyatlariga qanchalik mos ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ana shunday xalqchil islohotlar natijasida yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani singari viloyatimizda ham ko‘plab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turarjoylar, yangi bog‘cha va maktablar, madaniyat maskanlari, turizm, tibbiyot va sport inshootlari qad rostlamoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.
“Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” va “Obod mahalla” dasturlari qatorida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu betakror ayyomda Navro‘zning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz mahallalarda hasharlar tashkil etib, ko‘chat va gullar ekib, yangi-yangi bog‘-rog‘lar, sayilgohlar yaratmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda butun viloyat ahli bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.
Tantanali tadbir viloyat badiiy jamoalari, yosh ijrochilar hamda respublikamiz san’at ustalari tomonidan tayyorlangan, teatrlashtirilgan konsert dasturi bilan yanada fayzli kechdi.
Navro‘z shodiyonalari viloyatning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari