English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda Navro‘z tantanalari
10:33 / 2023-03-21

Ko‘hna va boqiy Buxoroda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shoiri ostida bayram sayli bo‘lib o‘tdi.

Ona tabiat butun borliqqa sep yoyib, saxiy boboquyosh o‘zining qaynoq tafti ila Ona-zaminga hayot, ko‘ngillarimizga ajib iliqlik baxsh etayotgan shu kunlarda Navro‘z bayrami munosabati bilan “Ko‘hna va boqiy Buxoro” madaniy markazi joylashgan so‘lim bog‘ bayramona bezatildi. Yarmarkalar va ko‘rgazmalar tashkil etildi. Milliy urf-odat va tarixiy an’analar, qadriyatlar namoyishiga aylangan mazkur tadbir shahar va tumanlar va ulardagi mahalla va chekka aholi punktlarida zo‘r ishtiyoq va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanib, bugun viloyat markaziga ko‘chdi. Unda barcha shahar va tumanlar jamoatchilik vakillari, milliy madaniy markazlar, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar mas’ullari, yurtimiz xalq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘z beminnat xizmati bilan hurmat-e’tibor qozongan fidoyilar, mehnat faxriylari va albatta, har sohada yetakchilik iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar vakillari, qolaversa, qadim yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlarni ko‘rish mumkin edi. Darhaqiqat, O‘zbekiston – umumiy uyimiz bo‘lsa, Buxoroi sharif ham shu mustahkam uyning yuragi. Buxoroda kechadigan hech bir bayram xorijlik sayyohlarsiz o‘tmaydi. Bugun ham Navro‘zni ular bilan birgalikda nishonlayapmiz.

[gallery-11071]

– Hayratdaman bu kabi maydonlarda sayllarni ko‘rib lol qolyapman, deydi o‘zini Mallah deb tanishtirgan amerikalik sayyoh. –Bizda noyabr oyida milliy bayram bo‘ladi bunga sovg‘a ulashadi. Bahorda yangi hayot boshlanishi deb bayram sayllari bo‘ladi. Eng asosiysi yurtingizni tinchligiga ko‘z tegmasin. Bayramlar bayramlarga ulansin. Men bugungi bayramda zo‘r taassurotlarni oldim. Yurtimga qaytganda albatta taassurotlarimni o‘rtoqlashaman.  

Tadbirda so‘z olgan Buxoro hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni yasharish va yangilanish ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi. Har sohada kechayotgan islohotlar bu bayramga yangicha ruh bag‘ishlayotgani, Navro‘z deganda avvalo, ko‘z o‘ngimizda minglab odamlar ishtirok etayotgan sayllar, ko‘pkarilar, doshqozon atrofidagi o‘yin-kulgilar va xalqimizga xos xayrli va ezgu amallar aks etishi alohida ta’kidlandi. Shundan bo‘lsa kerak, uyg‘onish faslining betakror ayyomi Navro‘zga aynan tabiat go‘zalligi, yasharish va yangilanish xos.  

Buyuk tarixchi bobokalonimiz Muhammad Narshaxiy bundan ming yillarcha muqaddam yozib qoldirgan tarixiy asarlarida Buxoroning o‘ziga xos bayramlari haqida ma’lumot berar ekan, Navro‘zning o‘zgacha zavqu shavq, xursandchilik bilan nishonlanganligini alohida qayd etadi. Navro‘z o‘ziga xos betakror bir olam bo‘lib, inson zotini tabiat bilan doimo uyg‘un va hamohang bo‘lib yashashga da’vat etadigan o‘zaro mehr-oqibat, qadr-qimmat, xayru saxovat ramzi va belgisidir.

Ayni Navro‘z chog‘ida barchamiz o‘zimizning tabiat farzandi ekanimizni, xalqimizga xos milliy qadriyat va an’analar nechog‘lik teran va sermazmun, madaniyatimiz naqadar boy ekanini butun qalbimiz bilan anglaymiz. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz Prezidentining “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqimiz bu ulug‘ bayramni “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shoiri ostida keng nishonlamoqda.

Mana shunday baxtiyor damlarda Vatanimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, serquyosh diyorimizda hukm surayotgan osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘imizdek asrash, aziz farzandlarimizni turli illatlar va buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini yana bir karra chuqur his etmoqdamiz.

2023 yil –“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturida ham fuqarolarning ko‘nglida kechayotgan o‘y va ularni qiynab kelayotgan masalalarga e’tibor qaratilayotgani hududlar va ko‘ngillar obodligini ta’minlash har bir rahbar, mutasaddining ustuvor vazifasi ekanligi dalolati. Bu tamoyil esa Yangi O‘zbekistonimizda inson qadri hamma narsadan ustun ekanligining amaliy ifodasidir. Ana shunday xalqchil islohotlar natijasida yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani singari viloyatimizda ham ko‘plab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar, xuddi shunday, yangi bog‘cha va maktablar, oliygoh hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Bektakror ayyomda Navro‘zning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz mahallalarda hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, yangi bog‘-rog‘, sayilgohlar yaratmoqda.

Qolaversa, joriy sharqona yangi yil bilan uyg‘un tarzda muborak Ramazon oyining ham kirib kelishi barchamizda boshlanajak mavsumning qut-barokatli, fayz-saodatli bo‘lishiga umid uyg‘otmoqda.  

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA