Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirish, yirik ob’ektlar qurilishiga start berish, mahallalar hayoti bilan tanishish uchun Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duo o‘qildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy asliyat tiklanmoqda. Ziyorat chog‘ida ushbu ishlar ko‘zdan kechirildi.
Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak tiklandi. Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga sunnatga muvofiq qibla tarafdan yurib boradi.
– Yuz yil vayron bo‘lib yotgan bu darvozani tiklaganimiz – o‘zlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Endi bu yerdagi har bir obidaga, xonlar dahmalariga bitiklar yozib qo‘yish kerak. Ziyoratga kelganlar qadamma-qadam tarixni o‘rganib, ma’naviy ruh olib o‘tsin.
Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Yo‘qolib borayotgan Doniyolbiy madrasasi tiklanmoqda.
Olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur o‘rganish haqida fikr almashildi. Chet davlatlardan manbalarni olib kelish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mutasaddilarga shularni qamrab olgan holda, olimlarning takliflari asosida qaror ishlab chiqish topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi arafasida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida “Enpipe” korxonasi ishga tushirildi.
Umumiy qiymati 58 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan amalga oshirildi. Xitoy, Turkiya, Niderlandiya va Ispaniyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilib, yiliga 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi.
To‘g‘ri chokli uslubda tayyorlanuvchi bu quvurlar yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Ilgari bunday mahsulotlar, asosan, xorijdan olib kelinar edi. Tashishda quvurlar hajmi ko‘p joy egallagani uchun narxi ham qimmatga aylanardi.
Endi turli qalinlikdagi metallar list shaklida olib kelinib, shu yerda tayyorlanmoqda. Buning samarasida tannarx 25 foiz arzonlashdi.
Gaz-kimyo va tog‘-kon sanoati, qurilish va boshqa sohalarda bunday chidamli quvurlarga talab yuqori. Xususan, shu yerda qurilayotgan MTO gaz-kimyo majmuasida ham shundan foydalaniladi.
Korxonada 400 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbariga korxonaning rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida ma’lumot berildi.
Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun ishlar boshlab yuborilgan. Unda bosimga bardoshli turli hajmdagi rezervuarlar ishlab chiqariladi. Yana 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha to‘liq quvvat bilan ishlasa, 121 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash imkoni tug‘iladi. Korxonaning eksport salohiyati yanada ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashdi.
– Bugun Buxoroga kelishimizdan maqsad 2 milliondan ziyod aholining turmushini yaxshilash, daromad manbai yaratish, kambag‘allikni qisqartirish. Viloyatning ko‘p joyida ekin ekish uchun yerning sho‘rini yuvish kerak. Shuning uchun biz ko‘proq sanoatga e’tibor berayapmiz. Mana shu zavodni ham nima uchun qurdik? Bunday quvurlarni olib kelish uchun ko‘p pulimiz yo‘lga ketardi. Bugun yana yangi inshootlar qurilishini boshlaymiz. Ularning atrofida bir nechta korxonalar, ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Pirovard natijada odamlarning uyiga yorug‘lik, ishonch va umid kiradi. Ana shu umid bizlarni birlashtiradi, – dedi Prezident.
Viloyat sanoatida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi yana bir zamin bo‘ladi. Ushbu hudud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 avgustdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. Uning umumiy maydoni 566 gektar bo‘lib, 5 ta yirik loyiha joylashtirilgan. Ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, yakunda uch mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatining sanoat ko‘rgazmasi va yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda rejalashtirilgan loyihalar hamohang taqdimot qilindi.
Ko‘rgazmada isitish tizimlari uchun katta va kichik qozonlar, og‘ir va yengil sanoat uchun detallar, turli o‘lcham va quvvatdagi sovutgichlar, elektrotexnika uskunalari, mototsikllar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, davlat xaridlarini tartibga solish mexanizmi namoyish etildi.
Oxirgi yetti yilda viloyatga qariyb 4 milliard dollarlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 90 mingta ish o‘rni va 1 milliard 800 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Joriy yil viloyatda 1 milliard 300 million dollarlik 607 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 14 milliard dollarlik 80 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 4 milliard dollarlik 14 ta loyihani investorlar va tarmoq rahbarlari birgalikda taqdimot qildi.
Loyihalarga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda G‘ijduvon tumanida 600 MVtga teng shamol elektr stansiyasini qurish, malayziyalik investor tomonidan Peshku tumanida grafit konini o‘zlashtirish va elektroskuterlar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishni tashkil etish, eronlik investorlar tomonidan Buxoro tumanida kimyo klasterini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur 80 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 22 ming 200 tadan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Prezidentimiz qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni va mahalliylashtirishni ko‘paytirish, xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Qorako‘l tumanida jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi.
Buxorolik nuroniylar ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari ta’minlanayotganini aytishdi. Zamonaviy maktab va institutlar tashkil etilib, bolalar ta’lim-tarbiyasiga imkoniyatlar kengaymoqda. Aholining salomatligi doimiy nazoratda.
Iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar natijasida tumanlarga sanoat kirib borayapti, mahallalar obod bo‘lmoqda. Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishga keng yo‘l ochilgan.
Sayxunobod tajribasi asosida iqtisodiy kompleks tashkilotlari kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlab, ularning daromad topishiga ko‘maklashmoqda. Tomorqalardan samarali foydalanilayapti.
Bular yurtimizdagi to‘kinlik va farovonlik, ijtimoiy muhit barqarorligini yanada mustahkamlayotgani ta’kidlandi. Nuroniylar Buxoroda ishga tushirilayotgan va qurilayotgan korxonalarning aholi bandligidagi ahamiyatini qayd etib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi ulkan loyihalarga asos bo‘lishi yaxshi an’anaga aylangan. Bu gal ham shunday bo‘ldi – Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi.
Mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga ko‘payib, birgina o‘tgan yilda 553 trillion so‘mni tashkil etdi. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trillion so‘mga yetdi.
Viloyatda 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41 ta va yana shuncha qiymatdagi 39 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Endi yana uchta yirik inshoot – gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihalarning ahamiyati haqida so‘zladi.
Ulardan biri “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan yurtimizdagi birinchi zavod bo‘ladi.
Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSH, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, yurtimiz va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.
Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi.
Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi.
Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari barpo etib borilmoqda.
So‘nggi yillarda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Bugungi kunda xorijiy sheriklar bilan jami 19 milliard dollarlik 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.
Joriy yilning o‘zida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada yurtimizda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bunda, albatta, serquyosh Buxoro alohida o‘rin tutadi. Hozirgi kunda viloyatda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Endi ularning safiga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qo‘shiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025 yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030 yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.
Startdagi yana bir loyiha – yangi xalqaro aeroport.
Davlatimizning ochiqlik siyosati natijasida dunyo bilan aloqalar jadallashdi. O‘zbekistonda 90 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi.
Bularning natijasida yurtimizga keluvchilar ko‘paydi. Oxirgi 2 yilda xizmatlar eksportining 40 foizi turizm sohasiga to‘g‘ri kelgan. 283 ta mehmonxona, 486 ta xostel, 1,2 mingta oilaviy mehmon uyi barpo etilgan. Turizm oqimi 35 foizga oshgan.
Xususan, birgina 2023 yilda Buxoroga 1 million 400 mingga yaqin xorijiy turistlar tashrif buyurgan.
Bu kabi omillar viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini ko‘paytirishni talab etmoqda. Shu bois xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan.
226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi.
Shu yerda Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.
Davlatimiz rahbari Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Hududda ilgari bunchalik keng ko‘lamli qurilish bo‘lmagan edi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 13 avgustdagi qaroriga muvofiq “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan keyin sanoat jadal sur’atga kirdi. Undagi zavodlarda kelgusida minglab odamlar ish bilan ta’minlanadi. Qolaversa, yurtimizning boshqa hududlaridan ham mutaxassislar kelib ishlaydi. Ularga qulaylik, oilalariga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida mazkur iqtisodiy zona yaqinida yangi massiv bunyod etilmoqda.
Loyiha ikki bosqichli bo‘lib, 1 ming 380 xonadonli 71 ta ko‘p qavatli uy, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahalla markazi hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda birinchi bosqichda 12 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bolalar bog‘chasi, poliklinika foydalanishga topshirilgan.
Prezidentimiz shu yerda mahalla vakillari bilan suhbatlashdi.
– Mahallada “yettilik” hamfikr va hamjihat bo‘lsa, ishsizlik, jinoyat bo‘lmaydi. Buning uchun ularda yetarli vakolat bor. Mutasaddi tashkilotlarni jalb etib, odamlarning daromad topishiga yordam berish kerak. Maktabda ta’lim sifatidan xabardor bo‘lish, bitiruvchilarni oliy ta’limga, daromadli hunarlarga yo‘naltirish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Atrofni, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Kelgusida hududda istirohat bog‘i va suzish havzalari tashkil etiladi. Bo‘sh maydonlarga daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorako‘l tumanida yangi loyiha asosida ta’mirlangan avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Buxoro viloyatida 15 ming 400 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 486 kilometri xalqaro ahamiyatga ega. Ularda kuniga o‘rtacha 45-50 mingta transport vositalari harakatlanadi. Shu yil 29 yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu sohaga alohida to‘xtalib, yo‘llarni sifatli qurish, ko‘chalar bo‘yida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Bu borada barcha hududlarda ishlar boshlab yuborilgan.
Jumladan, Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi avtomobil yo‘lining Qorako‘l tumanidan o‘tgan bir qismi namunaviy shaklga keltirildi. Loyihaga ko‘ra, 4 tasmali yo‘l yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Bunda mustahkamligi yuqori innovatsion materiallardan foydalanilgani evaziga yo‘lning sifati oshgan. Masalan, hozirgi an’anaviy asfalt yo‘llar o‘n besh yil atrofida qayta qurilsa, yangi loyiha bo‘yicha yigirma yilgacha xizmat qiladi. Ularni joriy ta’mirlash oralig‘i ham uzayadi. Yana bir samarali tomoni, ta’mirlash jarayonida yo‘l qatlamlarini o‘sha joyning o‘zida qayta ishlab, yangilash mumkin bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari aholi manfaatiga qaratilgan bunday ishlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
– Asosiy vazifa – yo‘llarda sifat va madaniyatni ta’minlash, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi loyihada bu masala ham inobatga olingan. Yo‘l sifatini saqlash maqsadida, me’yordan ortiq yuk tashuvchi transport vositalarining vazn parametrlarini vaqti-vaqti bilan o‘lchovchi ko‘chma tarozi qo‘yiladi.
Shuningdek, bu yerda yondosh shoxobcha yo‘l ham qurilgan. Yangi belgilar, elektron tablo va quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘l bo‘yiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan.
Prezidentimiz bu jihatga alohida to‘xtalib, daraxt ekish yo‘l qurilishi bilan birga olib borilishi shart ekanini ta’kidladi.
Shu yerda transport va bunyodkorlik loyihalari taqdimot qilindi.
Buxoro viloyatida bu boradagi rejalar ko‘p. Ilgari bir yilda o‘rtacha 250-300 kilometr yo‘l ishlari bajarilgan bo‘lsa, birgina 2023 yilda 1 ming 255 kilometr yo‘llar ta’mirlangan. Bu yil hudud bo‘yicha 1 ming 316 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shularning davomi sifatida G‘ijduvon tumanidan Turkmaniston chegarasigacha 155 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihasi ma’qullandi.
Yo‘lsozlik sohasida kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Buxoro shahrini rivojlantirish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, shaharda “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘i bunyod etilishi rejalashtirilgan. Bog‘da Buxoro tarixi zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihaning g‘oyaviy mazmuni va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Zarif KOMILOV,
O‘zA muxbirlari