Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda ma’naviyat fidoyilari jam bo‘ldi
19:36 / 2023-05-18

Buxoroda joriy yilning 18-20 may kunlari "Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari" mavzusida Respublika anjumani o‘tkazilmoqda.

Tadbir oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 100 nafardan ziyod  ma’naviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, o‘zbek milliy san’atining darg‘alari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2022 -2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati, Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjuman doirasida qator ijtimoiy  loyihalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

[gallery-11936]

– Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun ilmiy-ma’rifiy muloqot maydonini tashkil etish orqali, ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinish uchun xizmat qiladigan ma’naviy ko‘prik yaratishdan iboratdir, – deydi Respublika Manaviyat va marifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. – Bu albatta kelgusida ziyolilarimiz, ayniqsa yosh tadqiqodchilarning ijtimoiy va ilmiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

“Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” mavzusida o‘tkazilayotgan Respublika anjumani doirasida konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirokida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimoti, O‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni ushbu san’at yo‘nalishlari bo‘yicha qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Milliy qo‘shiqlar va maqom” konsert dasturi o‘tkazish, korxona, tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarida ziyolilar, shoir-yozuvchilar ishtirokida “Ma’rifat soatlari” loyixalari amalga oshiriladi. Shuningdek, Buxoro viloyatidagi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, saxovat uylarida yashayotgan nuroniylar, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish,“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari” ga kiritilgan oilalar vakillari va ularning farzandlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni qadimiy obidalar, muqaddas qadamjolarga sayohatini tashkil etish maqsadida “Mehr-muruvvat va saxovat” va "Ma’rifat tur” loyihasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov O‘zA