Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “Malika Sulton” zardo‘zlik va hunarmandchilik markazi ochildi
13:35 / 2022-05-23

Buxoroda o‘tkazilayotgan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivallari doirasida “Malika Sulton” zardo‘zlik va hunarmandchilik markazi ochildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al Kaddumiy, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayevlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoroda ilk marotaba o‘tkazilayotgan mazkur festival doirasida xalq amaliy san’ati, jumladan, zardo‘zlik, zargarlik, kashtado‘zlik mahsulotlari taqdimoti va savdosi bilan birgalikda ushbu san’at turlarini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy konferensiyalar, mahorat darslari va boshqa tadbirlar ham tashkil etilmoqda.

Zardo‘zlik markazining ochilishi festivalning muhim loyihalaridan biri hisoblanadi. Butun dunyoda zardo‘zlik san’ati vatani deya e’tirof etilgan Buxoroda shu vaqtga qadar ushbu hunar turiga bag‘ishlangan alohida markaz yo‘q edi. Holbuki, viloyatda zardo‘zlik san’ati eramizdan avvalgi davrlardanoq rivojlangan. Zardo‘zlik mahsulotlari aholi turmush tarzining ajralmas bo‘lagi hisoblangan.

Buxoro ustalarining zardo‘zlik kasbi otadan bolaga meros bo‘lib kelgan. Zardo‘z oilaning farzandlari kasbni o‘rganib, o‘z navbatida o‘z bolalariga o‘rgatgan. Shu tariqa bu kasb avloddan avlodga o‘tib kelgan va rivojlangan. Bolalar 10-12 yoshidan zardo‘z kasbiga o‘rgatilgan. Tarixning ma’lum davrida inqirozga yuz tutgan ushbu hunar mustaqillik yillarida yana rivojlandi.

Ayni paytda viloyatda 120 nafardan ortiq zardo‘z ustalar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning san’at asarlari jahonning ko‘pgina nufuzli yarmarkalarida e’tirof etilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur markaz esa zardo‘zlik san’atini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirkor va usta zardo‘z Mahfuza Salimova tomonidan tashkil etilgan mazkur markaz zardo‘zlik ustaxonasi, ushbu mahsulotlarning tarixiy va zamonaviy sara namunalari muzey-galereyasidan iborat. Bu yerga tashrif buyuruvchilarga qadim san’at turi tarixi, buguni, rivojlanish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Mazkur dargohda 60 nafar usta zardo‘z, 40 nafarga yaqin shogirdlar ham doimiy asosda ish bilan ta’minlangan. Bu markazning xotin-qizlar bandligini ta’minlashdagi ahamiyati naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi.

Viloyat zardo‘zlik san’ati rivojida yetakchilikni qo‘lga olgan markaz kelgusida ushbu qadimiy hunarmandchilik tarixini tadqiq etish, unutilib borayotgan turlari, tikish uslublarini qayta tiklash hamda ilmiy asosda o‘rganishda ham tashabbus ko‘rsatadi.

[gallery-7213]

Tadbirkor va usta zardo‘z Mahfuza Salimova yoshligidanoq zardo‘zlik kasbini mukammal egallab, deyarli qirq yildan buyon shu ulug‘ kasbi-korni sevib, ardoqlab, sohani davom ettirib kelayotgan ustalardan biri. Uning yetishtirgan ko‘plab shogirdlari bugungi kunda Buxoro zardo‘zligi olamida o‘z yo‘li, o‘z maktabiga ega. Buxoro shahridagi Shayxul olam mahalla fuqarolar yig‘ini B. Naqshband ko‘chasida joylashgan markazning loyiha qiymati 5 milliard so‘m bo‘lib, shundan 1,2 milliard so‘mi AT “Xalq banki” kredit mablag‘i hisoblanadi. Ayni kunda mahallada istiqomat qiladigan 15 nafar kam ta’minlangan oilalarning xotin-qizlari zardo‘zlik sirlarini o‘rganmoqda. Keyinchalik shu xotin-qizlar markazda faoliyatini olib boradi. Shuningdek, bandligi ta’minlanadi. 20 nafar ayollarni ishga qabul qilish ham rejalashtirilgan.

Markaz tomonidan Amerika, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga zardo‘zlik mahsulotlari eksport qilinmoqda. Ko‘rgazma va yarmarkalarda 2021 yilda yaratilgan zardo‘zlik mahsulotlarini namoyish etish va sotish orqali 150 ming AQSH dollari miqdorida daromad ko‘rilgan. Ushbu markazda zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarish, ularning namoyishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zardo‘zlikning qadimiy nusxalari qayta tiklanmoqda.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA