Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Xo‘jalar”, Shofirkon tumanidagi “Qalmoqon” hamda Kogon tumanidagi “Xo‘ja Yakshanba” mahallalarida “Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari” tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi ofisi vakillari tomonidan umumiy byudjeti 400 ming AQSH dollariga teng “SOVID-19” pandemiyasidan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha Memorandum imzolangan. Unga ko‘ra joylarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, pazandachilik hamda uy hamshiraligi yo‘nalishlarida saboq beriladi.
Buxoroda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tashabbusi va homiyligida amalga oshirilayotgan “SOVID-19 pandemiyasidan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Qorako‘l, Shofirkon hamda Kogon tumanlarida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan press-tur davomida uchta tumanda faoliyat boshlayotgan o‘quv markazlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qorako‘l tumanidagi mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanining ochilish marosimida Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat hokimi Botir Zaripov, Koreya Xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi ofisi direktori Pak Sun Jin xonim hamda Respublika Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Muhtarama Bo‘riyeva ishtirok etdi.
– Prezidentimiz raisligida 2020 yil 8 oktyabrda o‘tkazilgan “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan ko‘rsatmalar biz uchun munosib dasturilamal bo‘ldi, – dedi Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov. – Avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar qatlamini aniqlash maqsadida “Ayollar daftari” ning 2020 yil oktyabr-dekabr oylarida ilk bosqichi bo‘yicha xatlov o‘tkazildi. 9 toifaga kiruvchi 26 ming 928 nafar, ikkinchi bosqichda 26 ming 309 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari” ga kiritildi. O‘tgan davrda “Ayollar daftari” ga kiritilgan jami 31 ming 897 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 2 ming 852 nafar boquvchisini yo‘qotgan, 3 ming 124 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, 121 nafar uy-joyini ta’mirlashga muhtoj, 281 nafar noturar joylarda istiqomat qilayotgan, 598 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan, 9 ming 482 nafar tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizga umumiy qiymati 5 milliard 100 million so‘mlik bir martalik moddiy yordamlar berildi. Tijorat banklari tomonidan 104 milliard 862 million so‘mlik turli yo‘nalishlarda kredit va subsidiyalar, qolaversa, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 679 million so‘mlik bepul dori-darmon, oziq-ovqat mahsuloti yetkazilib, 4 ming 899 nafar xotin-qizga huquqiy hamda psixologik maslahatlar berildi.
Hududda 120 nafar xotin-qizni kasbga tayyorlash orqali ularning turmush farovonligi, oilalari to‘kinligi, ro‘zg‘ori butligi ta’minlanadi. Mazkur loyiha doirasida har bir tumanda bir vaqtning o‘zida tikuvchilik, ayollar sartaroshligi, pazandachilik yo‘nalishlarida 20 nafardan, IT va UZ buxgalteriya yo‘nalishlarida 30 nafardan xotin-qiz hunar va kasbiy ko‘nikmalar egallash imkoniga ega bo‘ladi.
Shofirkon va Kogon tumanlarida ham markazlarning ochilish marosimi karnay-surnay sadolari ostida bayramona tus oldi. Mahalliy xotin-qizlar, kasanachilar qo‘l mehnati namunalari ko‘rgazmalari, pazandachilik, tikuvchilik, IT savodxonligi bo‘yicha mahorat darslari yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi.
[gallery-5229]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA