Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda madaniy meros ob’ektlari restavratsiya markazi ish boshladi
15:36 / 2022-02-15

Buxoro viloyatidagi 829 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat muhofazasiga olingan.

Ular tarkibida 287 ta arxeologiya yodgorliklari, 31 ta madrasa, 105 ta masjid, 14 ta maqbara, 133 ta arxitektura ansambllari (tarkibi bilan), 15 ta karvonsaroylar, 4 ta tim va toqlar, 18 ta diqqatga sazovor joylar, 122 ta qadimiy uy-joylar, 83 ta arxitektura yodgorliklari, 17 ta monumental yodgorliklar qayd etilgan. 2019 yilgacha viloyatdagi madaniy meros ob’ektlarining bor-yo‘g‘i 10 foizida kadastr hujjati bo‘lgan xolos.  

Kadastr hujjati bo‘lmagan madaniy meros ob’ekti esa o‘z-o‘zidan egasiz va himoyasiz holda qolgan. Bu masalada viloyat hokimligi aralashuvi va sa’y-harakatlari bilan respublikadan Ishchi guruhlar jalb qilingan holda mamlakat miqyosida birinchi bo‘lib 829 ta madaniy meros ob’ektlarining kadastr hujjatlari to‘liq rasmiylashtirildi. Madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastrlari yagona elektron tizimi (DKYAT)ga joylashtirildi.  

Prezidentimizning tegishli qarori asosida Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi, Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi direksiyasi, 7 ta hududda, xususan Buxoroda ham Madaniy meros ob’ektlari restavratsiya markazi tashkil etildi. Natijada respublikada birinchi bo‘lib Buxoro restavratsiya markazi tashkil etildi. Unga Sa’dulla Xodjayev rahbar etib tayinlandi. Hozirda markazga malakali ustalarni jalb qilish, ishga olish ishlari boshlangan. Endilikda madaniy meros ob’ektlarida restavratsiya va ta’mirlash ishlari turizm va sport vazirligi buyurtmasi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu direksiya va hududiy markazlar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Madaniy meros ob’ektlarini saqlash va ularni kelajak avlodga butligicha yetkazish uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Noto‘g‘ri va malakasiz holda, shoshma-shosharlik bilan restavratsiya va ta’mirlash orqali ularning umumbashariy qiymatiga ta’sir etishga hech kimning haqqi yo‘q.  
Shuning uchun Prezidentimiz topshirig‘i bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan madaniy meros restavratsiyasi va ta’mirlash masalalarida xorij (Eron, Turkiya, Xitoy va Yevropa davlatlari)dan ekspertlar jalb qilinmoqda. Ayrim hollarda yo‘qolib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarida restavratsiya yoki ta’mirlash ishlari emas, balki ularni konservatsiya yoki arxeologik park sifatida muhofazalash belgilandi. Bundan keyin madaniy merosni saqlash, restavratsiya qilish va ta’mirlash ishlarida ularga ziyon yetkazish qattiq nazoratda bo‘ladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasida maxsus inspeksiya, Bosh prokuraturada alohida boshqarma va viloyat prokuraturalarida bo‘lim tashkil etildi. Shuningdek, bu masalada Oliy Majlis Senati tomonidan ham ish ko‘rilib, jinoyat kodeksiga ham o‘zgartirish kiritilgan. Aybdorlarga nisbatan 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilandi.  


Zarif Komilov, O‘zA