Tadbirkorlarga amaliy yordam berishni tizimli tashkillashtirish maqsadida Buxoro shahar davlat xizmatlari markazi binosida korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ochildi.
Klinika davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi.
Uning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, so‘rovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.
Klinikada doimiy ravishda ishlovchi (0 365) 221-21-45 raqamli “Ishonch telefoni” joriy etilgani ham tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik. Bu raqamga barcha manfaatdor shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishi mumkin. Davlatimiz rahbarining bu borada “Xususiylashtirish – qo‘shimcha qiymat va ishchi joylar yaratadigan muhim masala. Har bir ob’ektning egasini topib, ishni yo‘lga qo‘yib yuborish kerak. Bu esa tadbirkorga imkoniyat, mahalliy byudjetga esa tushumdir” degan tamoyillaridan kelib chiqqan holda klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan ob’ektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Hamma xizmatlar bepul. Qolaversa, klinika binosida viloyatdagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ko‘rgazmasini muntazam tashkil etish belgilangan. Bunda majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va o‘quv markazlari joylashtirilgan.
Dastlabki kundan klinikaga tadbirkorlardan savollar kelib tushmoqda. Klinika nima maqsadda ochilgan va uning asosiy vazifasi nimalardan iborat, savdolarda va ijaraga berish maqsadida auksionda qanaqa ob’ektlar mavjud yoki davlat mulkini xususiylashtirish hamda ijaraga olishda qanday shart va talablar qo‘yiladi kabi savollarga mutasaddi tashkilotlar xodimlari tomonidan javoblar berilmoqda.
Viloyatda jami 125 ta davlat ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni talabidan kelib chiqib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan hamda viloyat hokimligi hamkorligida 29 ta davlat ob’ekti xususiylashtirilishi ta’minlanadi. Farmon talabidan kelib chiqqan holda, ayni paytda xususiylashtiriladigan ob’ektlarda transformatsiya, korporativ boshqaruv va moliyaviy auditni joriy etish orqali faoliyatni rivojlantirish, mulk ob’ektlarini xususiylashtirish, bu borada 945 ta korxona va ko‘chmas mulk ob’ektini ommaviy savdolarga chiqarish, shuningdek, viloyatdagi 507 ta bozor va savdo komplekslarida boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish, jarayonda shaffoflik va tashviqot-targ‘ibotni kuchaytirish, bunda ommaviy axborot vositalari kuchidan unumli foydalanish, qolaversa, nazorat tizimi orqali umumiy faoliyatni doimiy o‘rganib borish kabi 6 ta muhim yo‘nalishlarda zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Mulk ob’ektini xususiylashtirish jarayonlari yuqoridagi farmon bilangina cheklanib qolmaydi. Unda investorlar va tadbirkorlar uchun berilgan imkoniyatlar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarini rivojlantirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida aniqlanadigan ob’ektlar uchun ham tadbiq etiladi.
Joriy qilinayotgan aniq tartib-qoida va mexanizmlar orqali birinchi navbatda davlat ob’ektlarining tezkorlik bilan sotilishi, pirovard natijada iqtisodiyotda davlat ishtirokining kamayishi, xususiy sektorning rivojlanishi, yangi ishchi o‘rinlarining paydo bo‘lishi hamda raqobatbardosh mahsulotlarning ishlab chiqarilishini ta’minlashga erishilishi juda muhimdir.
Zarif KOMILOV, O‘zA