O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov Buxoro viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab Vobkent tumani o‘rmon xo‘jaligi bo‘limida tashkil etilgan shtab faoliyati o‘rganildi. Ishchi guruh a’zolari bilan bo‘lgan suhbatda tegishli tashkilotlarning mas’uliyatini yanada oshirish kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, ekilayotgan ko‘chatlarning parvarishi bo‘yicha mas’ul shaxslarning belgilanishi, ko‘chatlarning unib ketishida yuqori foizlarga erishish lozimligi qayd etildi.
– Bu yerda daraxt ekishni o‘rgatish bo‘yicha tajriba uchastkasini tashkil etish lozim, – deydi Narzullo Oblomuradov. –Tajriba uchastkasiga ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalari, barcha mutasaddilarni jalb qilgan holda daraxt ekish bo‘yicha seminarlar tashkil qilish kerak. Shunda “Yashil makon” umummilliy loyihasining keyingi bosqichlari yanada samarali bo‘ladi.
Vobkent tumani o‘rmon xo‘jaligi bo‘limida mutaxassislar e’tiborini sadaqayrag‘och daraxtiga qaratishdi. Sadaqayrog‘och Buxoro iqlimiga mos bo‘lgan daraxt. Uning barglaridagi maxsus qoplam daraxtda namlikni saqlab turadi. Bu sadaqayrog‘ochning cho‘l hududlarida ham unib ketishini ta’minlaydi. Hozirda sadaqayrog‘och ko‘chatlari Vobkent hamda G‘ijduvon tumanlari O‘rmon xo‘jaligi bo‘limi ko‘chatxonalarida yetishtirilmoqda.
N. Oblomuradov ko‘chatlar zaxirasi bilan tanishar ekan, sadaqayrog‘och va boshqa hudud iqlimiga mos ko‘chatlarni viloyatning boshqa tumanlarida ham yetishtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Vobkent tumanidagi 33-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng ishchi guruh vakillari G‘ijduvon tumani hokimligi hamda qator mutasaddilar ishtirokida tumandagi 21-umumta’lim maktabi hamda Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi hududida o‘tkazilgan daraxt ekish tadbirlarida qatnashishdi.
O‘quvchilar bilan samimiy suhbatda N.Oblomuradov daraxt ekish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligi, Prezidentimiz tashabbusi bilan bu ish dolzarb masalaga aylanganini ta’kidladi. Shu sababli barcha daraxt ekishga, yashil hududlarni ko‘paytirishga faol ishtirok etishi zarurligini qayd etdi.
Shofirkon tumanida tashkil etilayotgan “Yashil jamoat parki”da amalga oshirilayotgan ishlar ham tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Jami 4 gektar maydonni qamrab olgan ushbu hududda yerni daraxt ekishga tayyorlash, tuproqda agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda. Sug‘orish tizimlari o‘rnatilmoqda. Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan tok qalamchalari, shuningdek, shaftoli, olcha, gilos, olma kabi daraxtlarning ekilishi amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA