Bu haqida Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida so‘zga chiqqan Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi Sadoqat Siddiqova ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 11 oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi va boshqa yuqori turuvchi organlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat hokimligiga 20 ming 546 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 ming 827 taga yoki 1,5 barobarga ko‘p. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda viloyatning barcha tuman va shaharlarida 17 marotaba sayyor va 6 marotaba shaxsiy qabullar o‘tkazilgan. Mazkur qabullarda berilgan topshiriqlar ijrosi holati yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari bo‘yicha 12 ming 279 ta murojaat ijobiy hal etilgan. 4 ming 725 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirish berilgan. 92 ta murojaat amaldagi qonun va qonunosti hujjatlariga to‘g‘ri kelmaganligi sababli rad etilgan. 3 ming 450 ta murojaat ijroda.
Sessiyada sektorlar, vakolatli viloyat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimliklari birgalikda ishlarni qat’iy davom ettirish, murojaat bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan idora va tashkilotlar mas’ullariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatiga rioya etmagan hamda takroriy murojaatlarning oshishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning hisobotlarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida doimiy ravishda muhokama qilib borish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda eng ko‘p murojaatlar qayd etilayotgan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali, «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari mavjud vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi.
Zarif Komilov, O‘zA