Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda ishlab chiqarilgan antifriz standart talablariga javob bermadi
14:38 / 2025-10-07

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida “Sitora” bozorida sotilayotgan “TOSOL LIDER” antifriz mahsuloti bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi.

Laboratoriya sharoitida o‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, mazkur mahsulot amaldagi standart talablariga mos emasligi aniqlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sifatsiz antifriz avtomobil sovutish tizimida issiqlikni to‘liq o‘tkazmaydi va motorni shikastlaydi. Natijada dvigatel yetarlicha sovitilmaydi, bu esa dvigatelning haddan tashqari qizishiga, radiator, nasos, trubkalar va blokdagi yo‘llarda zang va texnik nosozliklar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, bunday holat nafaqat avtomobilning ishlash muddatiga, balki yo‘l xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shu bilan birgalikda, mutaxassislar iste’molchilarga antifriz mahsulotini tanlashda mahsulot yorlig‘idagi ma’lumotlarning to‘liqligi va ishlab chiqaruvchi korxona manzilining mavjudligi, texnik ko‘rsatkichlar va haroratga bardoshlilik darajasi hamda mahsulotning sertifikatlanganligi va muvofiqlik belgilarining mavjudligiga albatta e’tibor berishni tavsiya etadi. 

Rasmiy manbalarga ko‘ra, sifatsiz yoki soxta texnik suyuqliklarni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘riladi. Aholi va avtomobil egalari esa texnik xavfsizlik masalasida hushyor bo‘lishlari zarur. 

Har bir iste’molchi xarid qilayotgan mahsulotning sifati va kelib chiqishiga e’tibor bersa, bu nafaqat shaxsiy transport vositasining, balki atrofdagilarning ham xavfsizligini ta’minlaydi. 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi savdo tarmog‘ida sifatsiz yoki shubhali mahsulotga duch kelganda 1880 qisqa raqamiga murojaat qilish lozimligini eslatdi. 

M.Eshmirzayeva, O‘zA