Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda iqtidorli yoshlar saralandi
10:01 / 2023-07-06

Sport turlari orasida har tomonlama inson uchun eng foydalisi, albatta, suv sportdir. Bugun mamlakatimizning qay hududiga bormang, zamonaviy va barcha sharoitlarga ega suv havzalarini ko‘rasiz. Ushbu havzalarda oldiga ulkan maqsad qo‘ygan yigit va qizlarning safi ko‘paymoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston suzish federatsiyasi tomonidan respublikamizning turli hududlarida, suzish sport turini yanada ommalashtirish va iqtidorli yoshlarni saralash hamda mamlakat chempionati hamda kubogi, xalqaro turnirlarda yurt sharafini munosib himoya qilish, viloyat terma jamoalari zaxirasini yanada boyitish maqsadida turli musobaqalar tashkil etilmoqda. 

Buxoro shahridagi Suv sporti turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida umidli va natija ko‘rsata oladigan yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maqsadida sport tadbiri o‘tkazildi. Unda jami 84 nafar yoshlar (ulardan 20 nafari qizlar) ishtirok etdi. Tadbir so‘ngida o‘z iqtidorini har tomonlama namoyish eta olgan yoshlar aniqlanib, ularga tashkilotchilar tomonidan medal va diplom topshirildi. 

Shuni ta’kidlash, joizki, Buxoro viloyati yoshlari ko‘pgina sport turlari kabi suzishda ham respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni band etib keladi. Suzish musobaqasida saralangan yosh sportchilar viloyatdagi mahoratli sportchilarning munosib izdoshlari ekanini va kelgusida yuksak marralarni zabt etishini ko‘rsatdi. 

Endilikda O‘zbekiston suzish federatsiyasining mutaxassislari Navoiy viloyatida bo‘lib, bu yerda suv sport turi bo‘yicha olib borilayotgan samarali ishlar va suv sport turlari bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlar hamda iqtidorli yoshlarni saralash tadbirida ishtirok etadi.

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA