English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda illatlarga ergashganlarga qarshi tungi reydlar o‘tkazilmoqda
12:42 / 2022-07-26

bugungi kunda sog‘lom hayot tarziga salbiy ta’sir qiluvchi giyohvandlik, ichkilikbozlik, fohishalik kabi yomon illatlar ko‘payib ketishi oqibatida turli yuqumli kasalliklar, shu jumladan, tanosil va OITS kasalliklarining avj olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jinsiy erkinlik, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tezkor yo‘llar bilan barvaqt aniqlash, bu turdagi kasalliklar tarqalishiga qarshi keskin kurashish maqsadida taalluqli idoralar, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan tezkor hamda profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yil 23-24 iyul kunlari ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, mahalliy hokimiyat idoralari va OITS markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda Buxoro shahri bo‘ylab keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Tadbirda “Xavfli guruh”ga mansub shaxslar tez-tez borib turadigan, OIV infeksiyasini yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlar, “Sauna”, “SPA salonlar”, “Massaj xona” hamda ko‘ngilochar joylar, shu jumladan, kafe, bar, restoranlarda jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi huquqbuzarliklar sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarni aniqlashga qaratilgan tungi reydlar o‘tkazildi.

Tungi 23:00dan boshlab o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida shu toifaga mansub yuz nafardan ortiq shaxslar bilan tezkor, profilaktik ogohlantiruv ishlari olib borildi. Natijada  92 nafari o‘z ixtiyoriga ko‘ra orttirilgan immun tanqisligi virusi hamda orttirilgan immun tanqisligi sindromi kasalligiga tezkor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tibbiy tekshiruv natijalariga ko‘ra, 3 nafar shaxsda tahlil natijalari shubha tug‘dirganligi sababli ularni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha tezkor tibbiy tekshiruvdan o‘tgan 40 nafar shaxsdan bir nafarida virusli gepatit aniqlandi.

Hamkorlikdagi profilaktik tadbirlar davomida tekshirilgan fuqarolar bilan turli yuqumli kasalliklar, ayniqsa, OIV hamda OITS kasalligi bo‘yicha batafsil tushuntirishlar olib borildi. Kasallikning yuqish yo‘llari va profilaktikasini targ‘ib qiluvchi bukletlar tarqatildi.

Tadbir davomida Buxoro xalqaro aeroportida chet elga uchib ketayotgan tibbiy tekshiruvdan o‘tish istagini bildirgan 32 nafar hamda Buxoro aeroportiga uchib kelgan 44 nafar shaxs ham tezkor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Viloyatning barcha shahar-tumanlarida tezkor profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA