Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi oʻtkaziladi
18:44 / 2019-02-13

Mamlakatimizning ziyorat turizmi boʻyicha dunyoda eng yirik markazlardan biri sifatida tan olinishini taʼminlash, Buxoro viloyatining sayyohlik imkoniyatlarini namoyon etish va sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishda ushbu forum katta ahamiyat kasb etadi.


Mamlakatimizning ziyorat turizmi boʻyicha dunyoda eng yirik markazlardan biri sifatida tan olinishini taʼminlash, Buxoro viloyatining sayyohlik imkoniyatlarini namoyon etish va sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishda ushbu forum katta ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda xalqaro anjumanga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha belgilangan aniq chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

– Keyingi yillarda yurtimizda turizmning mamlakat iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Buxoro viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botir Shahriyorov. – Shu oʻrinda alohida qayd etish lozimki, Prezidentimiz tomonidan sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar turizmni jadal rivojlantirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy etilgani sayyohlarning mamlakatimizga, xususan, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga qiziqishini yanada oshirdi. Sayyohlar orasida islom madaniyati obidalari, buyuk allomalarimiz qadamjolarini ziyorat qiluvchilar tobora koʻpaymoqda.

Buxoro viloyatida ham ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoʻnalishdagi salohiyatni xalqaro miqyosda keng targʻib qilish muhim ahamiyatga ega. Buxoroda oʻtkazilishi kutilayotgan anjuman ham aynan ana shu maqsadga xizmat qiladi. Unda mamlakatimizning sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi imkoniyatlari va soʻnggi yillarda sohaga investitsiya jalb etish, bu boradagi tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash samarasida erishilgan yutuq va loyihalar taqdimoti oʻtkaziladi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar vakillarining ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi tajribasiga ham eʼtibor qaratiladi.

Forum doirasida turizm sohasida yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirish, qiziqarli sayyohlik mahsulotlarini shakllantirishga doir koʻrgazmalar tashkil etiladi, xorijlik mehmonlar va turizm tarmogʻida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar oʻtkaziladi.

Nufuzli anjumanga Indoneziya, Malayziya, Misr, Pokiston, Qozogʻiston, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Singapur, Ozarbayjon, Turkiya, Nigeriya, Rossiya, Hindiston, Germaniya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika kabi dunyoning koʻplab mamlakatlari, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning 100 dan ziyod vakili tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular orasida soha mutaxassislari, sayyohlik kompaniyalari vakillari, taniqli olimlar va boshqalar bor.

Forumga hozirlik doirasida xalqaro anjuman oʻtkaziladigan viloyat Yoshlar markazini tayyorlash va texnik jihozlash tadbirlari koʻrilmoqda. Konferensiya zali va matbuot markazi zarur texnikalar, sinxron tarjima qurilmalari, maʼlumotlarni tezkor almashish uchun simsiz internet tarmogʻi bilan taʼminlanadi.

– Albatta, sayyohlikni rivojlantirishda soha industriyasi muhim ahamiyatga ega, – deydi Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish departamenti rahbari Furqat Xoʻjayev. – Bugungi kunda birgina Buxoro shahrida qoʻshma korxona, masʼuliyati cheklangan jamiyat va boshqa shakldagi 140 ga yaqin xususiy mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda. “Grand Buxoro”, “Shahriston”, “Aziya Buxara” mehmonxonalari xorijiy ishtirokchilar, mehmonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga manzur boʻladi.

Ziyorat turizmining oʻziga xos talablari bor. Shuni inobatga olib, anjumanning islom diniga eʼtiqod qiluvchi qatnashchilariga tegishli qulayliklar, masalan, ibodat amallarini amalga oshirish boʻyicha zarur qulayliklar ham nazarda tutilgan.

Anjuman doirasida forum qatnashchilarining Buxoro shahridagi qadimiy meʼmoriy yodgorliklar bilan tanishuvi ham oʻrin olgan. Shubhasiz, bu tashrif ularning ajdodlarimiz aql-zakovati bilan yaratilgan noyob osori-atiqalar, Buyuk ipak yoʻlidagi yirik turizm markazi – “Sharq durdonasi” sifatida eʼtirof etilgan muqaddas shahar haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi.

Buxoro oʻzining islom dini va madaniyatiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ siymolari bilan ham mashhur. Mustaqillik yillarida ular merosini oʻrganish, xotiralariga hurmat bajo keltirish maqsadida keng koʻlamli xayrli ishlar amalga oshirildi va bu boradagi bunyodkorlik tadbirlari davom etmoqda.

Musulmon dunyosida mashhur boʻlgan “Yetti pir” silsilasini tashkil etuvchi avliyolar qadamjolari obod qilindi. Hozirda bu maskanlarda ziyoratchilar uchun yanada qulayliklar yaratilmoqda. Buxoroda ilk bor tashkil etilayotgan I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi qatnashchilari Gʻijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan va Kogon tumanlarida joylashgan ushbu qadamjolarni ziyorat qiladi.