Buxoroda Sahid Zarafshon mehmonxonasida "I Xalqaro yoshlar turizm forumi" bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, viloyat hokimligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlikda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan tashkil etildi.
Forumda 20 dan ortiq xorijiy delegatlar onlayn tarzda qatnashadi. Loyihaning maqsadi mahalliy va xorijiy talaba, mutaxassislarning yuqori salohiyatli ilmiy ishlanmalarini, startap loyihalarini aniqlab, hayotga tadbiq etish va turizm sohasida yetuk kadrlarni yetishtirishdan iborat.
Forumda mamlakatning turizm salohiyati to‘g‘risidagi taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro forum dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi. Turizm sohasidagi 10 dan ortiq xorijiy ekspertlar Fransiya, Singapur, Qozog‘iston, Indoneziya, Malayziya davlatlari vakillari chiqishlari va boshqa xorijiy mamlakatlardagi iqtidorli yoshlarning taqdimotlari o‘tkazildi.
Unda mehmonxonalar biznesiga ixtisoslashgan Fransiyaning Vatel universiteti vakillari va O‘zbekistonda allaqachon o‘z imkoniyatlarini namoyish etgan taniqli singapurlik ishbilarmon Rudi Fang kabi xorijiy delegat a’zolari ham onlayn tarzda qatnashdi.
Ishtirokchilar pandemiya davrida turizmning ayrim turlarini rivojlantirish haqida suhbatlashishdi. Ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatgan holda startaplarni taqdim etib, ularni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
Ikki kun davom etadigan forumda Buxoro davlat universiteti va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolanadi.
Viloyatning turizm elchilari belgilanadi. Ularga maxsus sertifikatlar beriladi. Bunda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan va xorijiy davlatlardan bir nafardan nomzod tanlab olinadi. Nomzodlar mamlakatimiz turizm salohiyatini keng ommaga yoritish, media makonda targ‘ibot qilish va doimiy hamkorlikka xayrixoh bo‘ladigan bir necha faol yoshlar ichidan saralab olinadi. Xorijiy nomzodlar ichida-mashhur bloggerlar, jurnalistlar, yozuvchi va turizm sohasi vakillari mavjud.
Zarif Komilov, O‘zA