O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug komissiyasi raisi Mirzohid Daminov axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimiz tarixidagi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Referendumi bo‘lib o‘tadi. Hozir mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qizg‘in pallaga kirdi.
Markaziy saylov komissiyasining shu yil 16 martdagi majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida 14 ta referendum okruglari tashkil etilgan edi. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrugi Buxoro viloyati chegaralarida tashkil qilingan bo‘lib, Okrug referendum komissiyasi Buxoro shahri, Alisher Navoiy shoh ko‘chasi, 10-uyda joylashgan. Okrug bo‘yicha ovoz beruvchilarning umumiy soni 1 million 131 ming 414 nafarni tashkil qiladi.
[gallery-11192]
Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalari, shu jumladan 15 nafar tarkibdan iborat 3-Buxoro okrug komissiyasi a’zolari tarkibi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil 28 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomda okrug komissiyalari ishini tashkil qilishning asosiy qoidalari belgilab qo‘yilgan.
Okrug komissiyasi o‘z faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Shuningdek, brifingda komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrugi hududidagi ovoz berish uchastkalari joylashgan binolar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan ta’kidlandi. Viloyatdagi jami 610 ta referendum uchastkasida ovoz berish jarayonlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, eng ko‘p uchastka G‘ijduvon tumani va Buxoro shahrida joylashgan.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi jarayonlarda ham eng ko‘p saylov uchastkasi maktablarda joylashgan. Shuningdek, 45 ta uchastka kollej, texnikum va litseylarda, 21 tasi mahalla idorasida, 19 tasi tibbiyot tizimi muassasalarida, 18 tasi davlat tizimi muassasalarida, 16 tasi madaniyat va sport markazlarida joylashgan. Shuningdek, 11 tasi tadbirkorlik sub’ektlarida, 8 ta uchastka harbiy qism va oliy o‘quv yurtlarida joylashgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA