Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda ham muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda
11:22 / 2023-07-04

Buxoro viloyati Vobkent tumanida 41 saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ularning 36 tasi umumta’lim maktablari binosida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 20 iyundagi 1299-sonli qaroriga muvofiq muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 28 iyun kuni boshlanib, 5 iyul kuni yakunlanishi belgilangan.

Ushbu huquqiy hujjatga asosan Vobkent tumanida 2 iyul kuniga qadar 1 ming 487 nafar saylovchilar muddatidan oldin ovoz berdi. Jumladan, 164-uchastka hududidan 50 nafar, 172-uchastkadan 49 nafar saylovchilar turli sabablarga ko‘ra joriy yilning 9 iyul kuni o‘z turar joyida bo‘lmasligi bois siyosiy irodalarini namoyish qildi.

– Prezident saylovi kuni o‘zim ro‘yxatda turgan hududda ish yuzasidan bo‘lmasligim tufayli bugun 184-saylov uchastkasiga kelib muddatidan oldin ovoz berdim, – deydi Tosh Cho‘lliyev. – Yurtimning kelajagiga befarq emasman. Bunday siyosiy jarayonda yurtimizning saylash huquqiga ega har bir fuqarosi mas’uliyatli bo‘lishi darkor.

Mazkur uchastkada hozirga qadar 52 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Jarayon davom etmoqda.  

Peshku tumani ixtisoslashtirilgan maktab binosida joylashgan 317-saylov uchastkasida fuqarolar xorijga jo‘nab ketish, sayohatda va xizmat safarida bo‘lishi hamda boshqalar tufayli muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalanmoqda. 

– Men 317-saylov uchastkasida siyosiy jarayonga o‘z hissamni qo‘shyapman, – deydi G‘ayrat Bozorov. – Joriy yilning 9 iyul kuni ovoz berish bilan bog‘liq ishlar qizg‘in tus olishiga aminman. Biroq, aynan 9 iyul kuni muhim sabab bilan uchastkaga kelolmasligim bois muddatidan ilgari ovoz berishga qaror qildim.

317-saylov uchastkasida hozirga qadar 42 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi.

Prezident saylovi kuni tegishli sababga ko‘ra, turar joyida bo‘lmaydigan saylovchilar 5 iyulga qadar muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalanmoqda.

– Buxoro shahridagi “Afshormahalla” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 26-saylov uchastkasiga keldim, – deydi fuqaro Mansur Shukurov. – Siyosiy irodamni namoyish qilib muddatidan oldin o‘zim xohlagan nomzodga ovoz berdim. Chunki 9 iyul kuni xizmat yuzasidan uchastka hududida bo‘lmayman.

– Hozirga qadar 29 nafar saylovchilar muddatidan oldin ovoz berdi, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Akmal Hafizov. – Jarayon davom etyapti. Mansur Shukurov singari saylov kuni turar joyida bo‘lmaydigan saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda.

Zarif Komilov,  

O‘zA