Buxoroda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi tomonidan “Gullar festivali” bo‘lib o‘tdi. Festival O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish davlat dasturi doirasidagi muhim ijtimoiy-ekologik tadbirlardan biriga aylandi.
Avvalgi yillarga qaraganda ushbu festival ancha keng ko‘lamda o‘tkazilib, 1000 nafarga yaqin gulchilikka qiziquvchi kasaba uyushma faollari, fermer xo‘jaliklari va mutaxassislar, havaskorlar, seleksionerlar va gulchilik sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar qatnashdi. Bu yil ilk bor gulchilik sohasida mutaxassislar va seleksionerlar uchun alohida maydon ajratilib, ularning tajribalari ommalashtirildi.

Festival karnay-surnay sadolari ostida tantanali tarzda boshlandi va uni Kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi M. Olimov ochiq deb e’lon qildi. Festival ishtirokchilari uchun viloyatning mashhur folklor jamoalari konsert dasturlari namoyish etib, an’anaviy osh sayli ham tashkil etildi.

Festival doirasida gul kompozitsiyalari va gulchilik texnologiyalariga bag‘ishlangan tanlovlar o‘tkazilib, ishtirokchilar gul turlarining xilma-xilligi va noyobligi, kompozitsiya sifati, vizual ko‘rinish, texnik ijro, gullarni parvarishlash texnologiyasi va ma’lumot taqdimoti mezonlari asosida baholandi.

G‘oliblar “Eng yaxshi gulchi texnolog”, “Eng yaxshi gulchilik maktabi gulchisi”, “Eng faol boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti”, “Eng chiroyli dekoratsiya”, “Gullar festivalini OAV orqali yoritishdagi hamkorlik uchun” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Festivalda dunyo gullariga oid qiziqarli ma’lumotlar ham taqdim etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Yer yuzida 450 mingdan ortiq gul turlari mavjud. Ayrim gullar 150 yildan so‘ng gullaydi, ba’zilari o‘z rangini vaqt o‘tishi bilan o‘zgartirib turadi. Atirgulning 50 mingdan ziyod turi mavjud bo‘lib, ularning barchasi yovvoyi na’matakdan kelib chiqqan.
Festival “Yashil makon” loyihasi doirasida aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, gulchilik madaniyatini ommalashtirish, tabiatga ehtirom, mehnat va ijod uyg‘unligini targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.