Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 12 avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida keyingi yillarda Buxoroda gastronomik turizmga qaratilayotgan e’tibor sezilarli darajada o‘zgardi.
Jumladan, Jondor tumanida “Zarbdor tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida tuman markazidagi “Mahmud Torobiy” ko‘chasini tun-kun faoliyat yurituvchi gastronomik ko‘ngilochar ko‘chaga aylantirish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu tashabbus kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmani yaratish, aholi va mehmonlar uchun qulayliklar barpo etishga qaratilgan.

Loyihada 24/7 rejimda faoliyat ko‘rsatadigan 100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunda zamonaviy ko‘rinishga ega piyodalar yo‘lakchasi barpo etiladi, quyosh panelli yoritgichlar, dekorativ soyabon va o‘rindiqlar, xavfsizlik uchun videokuzatuv vositalari o‘rnatiladi.

Shuningdek, Buxoro tumanida tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilmoqda. Tumanda 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi 3 ta ko‘cha tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus Buxoro tumanida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmalarni yaratish, aholi va mehmonlar uchun qulayliklar barpo etishga qaratilgan. Shuningdek, 5 ta hudud uchun master-rejalar ishlab chiqilib, ular asosida tuman arxitektura qiyofasi tubdan yangilanadi.
Mazkur loyihalar orqali aholiga qulay va xavfsiz muhit yaratiladi, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi, tuman iqtisodiyoti faollashadi, eng muhimi, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.