Ko‘hna va boqiy Buxoroda II xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi va yig‘ilganlarni ikkinchi bor o‘tkazilayotgan bayram bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, xalqimiz kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan hunarmandchilik san’atining barcha sohalari, xususan uning zargarlik va zardo‘zlik yo‘nalishlari minglab yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyondalariga ega.
Zargarlik san’ati o‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy hayoti, kundalik turmush tarzi, marosimlari, badiiy didini aks ettiradi. Xususan, tarixga nazar solsak, Markaziy Osiyo ayolining bolaligidan keksaygunigacha bo‘lgan hayotidagi barcha muhim voqealar va hodisalar zargarlik buyumlari bilan chambarchas bog‘liq ekanligining guvohi bo‘lamiz.
Zarhallangan kumush yoki tilladan yasalgan “mohitilla”, “tillaqosh”, zebigardon kabi qimmatbaho toshlar bilan bezalgan an’anaviy taqinchoqlar o‘lkamizning maftunkor, nafis va go‘zal ayollariga yanada chiroy bag‘ishlab keladi.
O‘zbek zargarlik san’atining eng yirik markazlari sifatida tanilgan Buxoro, Xiva, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon, Qarshi, Shahrisabz, Andijon, Namangan va boshqa hududlarda xalq hunarmandchiligining bu noyob yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘plab zargarlar o‘zlarining tarixiy va zamonaviy uslubdagi ijodlarini o‘zbek milliy an’analari bilan uyg‘unlashgan tarzda davom ettirib kelmoqda.
Shular jumlasidan, Buxoro zargarlik san’ati maktabining taniqli ustalari Alisher Haydarov va Toxir Muhammedovlar kabi hunarmandlarni alohida ta’kidlashni istardik.
Shuningdek, Toshkent, Marg‘ilon, Shahrisabz, Xorazm, Samarqand maktablaridan usta Fasixiddin Dadamuhammedov boshchiligidagi Dadamuhamedovlar sulolasi, Suxrob Ahrorov, Sharif Raupov, Gulorom Yo‘ldosheva kabi mashhur zargarlar dunyo miqyosida keng tanilgan.
Zargarlik san’ati bilan bir qatorda dunyoga mashhur zardo‘zlik san’ati ham o‘zining alohida o‘rniga ega.
[gallery-17265]
Respublikamiz hududida aniqlangan arxeologik topilmalar va yozma manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida zardo‘zlik san’at darajasida rivojlangan bo‘lib, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro shahri yirik zardo‘zlik markazi sifatida tan olingan.
Bugungi kunda zardo‘zlik hunarmandchilikning eng ko‘p va keng tarqalgan turlaridan biri hisoblanadi hamda mamlakat bo‘ylab usta-shogirdlik tizimi qayta tiklangan holda rivojlanib bormoqda.
Mazkur maktablarga mansub xalq ustasi Baxshillo Jumayev, Shavkat Zohidov, Mahfuza Salimova, Munavvar Farmonova va boshqa zardo‘zlarning ishlari o‘zining ulug‘vorligi, nafosati, mahorati va sifatining ustunligi bilan ajralib turadi.
Prezidentimiz tomonidan mana shu ikki an’anaviy hunarmandchilik yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Sohaga oid ko‘plab imtiyoz va qulay sharoitlar yaratildi.
Natijada respublika miqyosida 2018-yilga qadar jami 765 nafar zargar va 112 nafar zardo‘z rasmiy ravishda qayd etilgan bo‘lsa, ayni damda esa, zargarlik yo‘nalishida 2358 nafar usta va ularning 3448 nafar shogirdi, shuningdek zardo‘zlik yo‘nalishida 471 nafar usta va 1068 nafar shogird faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda ushbu nufuzli anjuman munosabati bilan Buxoroga Afrika, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika hamda Tinch Okeaniya mintaqalarining 40 dan ziyod mamlakatidan 150 dan ko‘proq qo‘li gul zardo‘zlar, zargarlar, soha olimlari, faxriy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi.
Shu bilan birga respublikamiz hududlaridan kelgan 300 ga yaqin usta hunarmand ham ishtirok etmoqda.
Xalqaro darajadagi mazkur festival ilk bora 2022-yilda o‘tkazilgan. O‘sha yili Butunjahon hunarmandchilik kengashi tomonidan Buxoro shahriga Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan edi. Bu esa mintaqamizda asrlar mobaynida avloddan avlodga bezavol o‘tib kelayotgan boqiy an’ana va qadriyatlarimizning hamda yuksak ma’naviyat, madaniyatimiz va boy tariximizning jahon miqyosidagi yuksak e’tirofi hisoblanadi.
II xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalining tantanali ochilish marosimi teatrlashtirilgan holda tomoshalar, viloyat va respublika san’at ustalari, xalq jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.