Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda fan olimpiadalari davom etmoqda
11:32 / 2020-11-10

Buxoro viloyati umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining I-II-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlaridan Respublika fan olimpiadasining II (tuman) bosqichiga joriy yilning 6 noyabridan boshlab start berildi.

– Bu yilgi olimpiadaning o‘ziga xos jihati shundaki, bunda, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari ham tuman bosqichiga qamrab olindi, -deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – Nazorat materiallari xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tayyorlanib, maxfiyligi ta’minlangan holda joylarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Fan olimpiadalarining ikkinchi bosqichida viloyat bo‘yicha jami 14 ming 682 nafar o‘quvchining ishtirok etishi kutilmoqda.  

6-7 noyabr kunlari maktab bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 6 ming 615 nafar 9-sinf o‘quvchilari 18 ta fan yo‘nalishida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Yozma (og‘zaki) va laboratoriya ishlari hamda test sinovlaridan yuqori ball to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bilimdonlar fan olimpiadasining viloyat bosqichiga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.  

Joriy yilning 9 noyabr kunidan 10-sinflar o‘rtasida sinovlar boshlandi. Ushbu sinovlarda 4 ming 765 nafar bilimdonlar ishtirok etmoqda. Dastlabki kun yozma (og‘zaki) va amaliy ish topshiriqlari bajarildi. Keyingi kun esa ishtirokchilar test sinovlaridan o‘tishadi.

Ikkinchi bosqich yakunlari bo‘yicha har bir yo‘nalishda eng yuqori ball to‘plagan g‘olib o‘quvchilar viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishadi.  

Tadbirlarning shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga asosan adolatli tarzda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan har bir hudud kesimida mas’ullar belgilangan.  

Jarayon joriy yilning 14 noyabriga qadar davom etadi.

 

Zarif Komilov, O‘zA