Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Romitan, Shofirkon, Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, «Temir» va «Ayollar» daftariga kiritilgan fuqarolarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bepul ko‘mir tarqatilmoqda.
«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat kesimida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan jami 234 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 636 ta qishloqda istiqomat qiluvchi 3 ming 109 ta ehtiyojmand oilaga 622 tonna ko‘mir yetkazilishi rejalashtirilgan.

Mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda murojaatlardan kelib chiqib Olot tumanining mahallalarida yashovchi 365 ta ehtiyojmand oilaga 300 kilogrammdan ko‘mir bepul tarqatildi.
– Sovuq kunlar boshlansada yetishmovchilik tufayli ko‘mir sotib olishga imkon topolmayotgan edik, – deydi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulnora Avezova. – Qiyin bir sharoitda bepul ko‘mir berilgani oilamizni behad quvontirdi. Buning uchun davlatimizga, shu xayrli ishning boshida turgan barcha yaxshi insonlarga rahmat. Tumanda ko‘mir zaxirasini yaratish, aholini ko‘mir yonilg‘isi bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar belgilangan reja asosida davom etmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA