Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda dolzarb masalalar muhokama qilindi
17:10 / 2025-05-16

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Senat ishchi guruhi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashining sayyor majlisida ishtirok etdi.

Majlisda viloyatda jinoyatchilik holati va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi, mavjud muammolar va ularning asosiy sabablari batafsil muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2025 yilning birinchi choragida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 19,5 foizga kamaygan. Biroq bunday jinoyatlar soni har 100 ming aholiga viloyatda 13 ta bo‘lgan bo‘lsa, Buxoro shahrida bu ko‘rsatkich eng yuqori bo‘lgan – 32 ta, Kogon tumanida – 22 ta, Kogon shahrida – 18 ta, Qorovulbozorda – 20 ta, G‘ijduvonda –15 ta. Oldini olish mumkin bo‘lgan 272 ta jinoyatning har uchtadan bittasi o‘g‘rilik, har oltinchisi firibgarlik, har sakkizinchisi tan jarohati yetkazish jinoyatlarini tashkil etgan.

Jinoyatchilikning oshishiga aholi o‘rtasida asosan shaxsiy agressiya, ijtimoiy muammolar hamda ruhiy bosimlarning kuchayishi kabi omillar sabab bo‘lgani ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish tizimi va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jinoyatchilik profilaktikasini tizimli tashkil etish zarurati ta’kidlandi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘mak berish bo‘yicha amaliy choralarni tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Muhokama davomida sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning samarasi pastligi va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligi ham aytib o‘tildi. Viloyatda Jamoat sog‘liqni saqlash axborot tizimi(DMED)ni to‘liq joriy etish uchun mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish zarurati qayd etildi.

Majlis yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiq va oshkora tanlov asosida kadrlarni tanlash, tibbiyot xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda aholining axborot tizimlaridan samarali foydalanishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni doimiy nazorat qilish, samarali profilaktika tizimini yaratish va aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Senatning ishchi guruhi tashrif doirasida viloyatning Buxoro tumani hamda Kogon va Buxoro shaharlaridagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy islohotlarni amalga oshirish holati bilan ham yaqindan tanishadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.