French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “Deputat ayollar klubi” ish boshladi
08:10 / 2020-12-24

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi qoshida «Deputat ayollar klubi» ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi partiya tashkilotlari xodimlari, shahar Adliya bo‘limi vakillari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatligiga O‘zMTDPdan saylangan deputat ayollar, partiya faxriylari hamda faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda so‘z olgan partiya viloyat Kengashi raisi Maxsud Muhammedov mamlakatimizda xotin-qizlar, oila, onalik va bolalik, tazyiq va zo‘ravonlik, gender masalalari borasida mavjud muammolarni tizimli hamda manzilli hal etish, shuningdek jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, xotin-qizlarga oid qonunchilik ustidan jamoatchilik, deputatlik hamda parlament nazoratini o‘rnatish, bu borada xotin-qizlar masalasi bilan bevosita faoliyat yurituvchi Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’sis etilgan klubning maqsadi esa barcha darajadagi ayol deputatlarning muloqot va tajriba maydonini yaratish hamda hududiy va mahalliy Kengashlardagi ayol deputatlarga “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, hududlardagi “Ayollar qanoti” faollari bo‘lgan xotin-qizlarni biriktirish orqali siyosatchi ayollarning yangi avlodini tarbiyalashdan iboratdir.

Viloyat Kengashining 21 ming 100 nafar umumiy a’zolari sonining 10 ming 303 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashida O‘zMTDP deputatlarining 3 nafari, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlarining 22 nafari, Oliy Majlis Senati a’zolarining 1 nafari, Kengash raislarining 2 nafari, Kengash raisi o‘rinbosarlarining 18 nafari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan a’zolarining 2 nafari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan a’zolarining 1 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati a’zosi, Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zMTDP deputati Abera Huseynova, “Gender tenglikning huquqiy asoslari” mavzusida so‘z yuritib, viloyat Kengashi qoshidagi “Deputat ayollar klubi” ning ochilishi nihoyatda o‘rinli bo‘lgani, mazkur klub deputat ayollar hamjihatligini ta’minlashda, o‘zaro fikr va tajribalar almashinilishida ahamiyatli sanalishi bilan bir qatorda jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish kabi murakkab masalalarni deputatlar hamkorligida hal etilishida ham muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. Shuningdek u o‘z so‘zida, gender tenglik masalasi birgina davlat hamda jamoat tuzilmalari zimmasiga yuklatilgan vazifa emas, gender strategiyasi bu boradagi maqsadli vazifalarni umumlashtirib, o‘zaro uyg‘unlashtirishga imkon berishini ham aytib o‘tdi.

Tadbir davomida “Deputat ayollar klubi”ning strategik Yo‘l xaritasi belgilab olindi.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash, ta’lim olishlarida ko‘maklashish, odam savdosi, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamda Respublika «ISTIQBOLLI AVLOD» ijtimoiy-axborot markazi viloyat bo‘limi bilan o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Zarif Komilov, O‘zA