Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “Cyber-Week” haftaligi
16:16 / 2023-10-04

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi, viloyat hokimligi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi – “Cyber-Week” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, mustaqil jurnalist, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Bugungi dolzarb zamonda raqamli texnologiyalar barcha sohalarga va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Ushbu soha rivojlanib borgani sari, bundan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortmoqda. Hozirgi kunda, viloyat hududida sodir etilayotgan jami jinoyatlar orasida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar keskin oshmoqda. 
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning 9 oyi mobaynida ushbu turdagi murojaatlar soni 2 barobarga oshgan. Natijada fuqarolarga 4 milliard so‘mga yaqin zarar yetkazilgan. 

Ushbu holatlarning oldini olish va aholining ogohligini oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 3 fevraldagi “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, respublika hududida bu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari Ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan o‘tkazilishi belgilangan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati hokimining joriy yil 21 avgustdagi “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoyishi chiqarildi. Farmoyish asosida joriy yilning 3-11 oktyabr kunlari viloyatdagi korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda kompleks profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.

[gallery-13865]

Farmoyishga ko‘ra, 12 turdagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Ishchi guruhga 23 ta tashkilot va muassasalarning rahbar va mas’ul xodimlari ham kiritilgan.

Shuningdek, haftalik doirasida ta’lim muassasalari yoshlari, mahalla fuqarolari, korxona va tashkilotlar ishchi- xizmatchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan 121 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilgan. 
Tadbirlarga innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda viloyatdagi barcha fuqarolar, yoshlar bilan hamkorlikda 2 milliondan ortiq aholi qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan javob berildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), 

O‘zA muxbirlari