Buxoroda “CNH Industrial” kompaniyasining hududlararo markaziy omborxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “CNH Industrial” kompaniyasining EMEA (Yevropa Yaqin Sharq, Afrika, Rossiya, Turkiya, O‘rta Osiyo va Pokiston) mintaqasi Prezidenti Karlo Alberto Sisto, kompaniyaning shu mintaqa bo‘yicha biznes direktori Vinsent De Lazanya, “O‘zagrolizing” aksionerlik jamiyati bosh direktori Nodir Otajonov, “O‘ZKEYSSERVIS” qo‘shma korxonasi bosh direktori Zafar Alimov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat hokimligi mutasaddilari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari, tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tumanlar agroservis MTP mas’ullari, ilg‘or fermerlar qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, texnika – dehqonning qanoti. bugungi murakkab sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ham qishloq xo‘jaligida ish qizg‘in, buning uchun esa albatta texnika zarur. Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, bir qarich yerni ham uvol qilmasdan foydalanish, ekin ekish, hosil olish borasida qator qaror va farmonlar imzolanmoqda. Albatta, bularning barchasi mamlakatimiz aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishmasligining oldini olishga qaratilgan.

Ish unumdorligini oshirish, tez va sifatli agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun esa qishloq xo‘jaligi texnikalari suv va havodek zarur. Qo‘l mehnati yordamida ko‘p vaqt talab etiladigan ishlarni texnika yordamida bir necha soatlarda amalga oshirish mumkin.
Yurtimizda uzoq yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “O‘ZKEYSSERVIS” qo‘shma korxonasida texnikalar xaridi uchun shartnoma tuzishdan boshlab to uni yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar yangi bosqichga olib chiqildi. Avvalgidek, kutishlar, texnikani olib ketish uchun uzoqdan yo‘l bosib kelishga barham berildi va bu orqali mijozlarga keng imkoniyatlar yaratildi, korrupsion holatlarga chek qo‘yildi.

Tadbirda “CNH Industrial” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari xususida ham so‘z bordi.
Ma’lumot uchun, “CNH Industrial” – bu qishloq xo‘jaligi uskunalari qurilish texnikasi, yuk avtomobillari, avtobuslar va boshqa transport vositalari, shuningdek sanoat va dengiz uchun mo‘ljallangan kuch agregatlarini ishlab chiqaruvchi 12 ta global brendni birlashtirgan yirik sanoat korxonasi hisoblanadi. Kompaniya sanoatda va dengizda qo‘llash uchun kuch agregatlarini (FPT Industrial) loyihalashtiradi, ishlab chiqaradi va sotadi.

Hozirgi paytda “CNH Industrial” kompaniyasining 66 ta ishlab chiqarish korxonasida va 54 ta ilmiy-tadqiqot markazida 64 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi. Kompaniya o‘z ishlab chiqarish tijorat faoliyatini 180 ta mamlakatda taqdim etadi.
U dunyoning barcha asosiy bozorlarida ishtirok etgan holda, o‘z kompaniyasi faoliyatini Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan, O‘zbekistonda kengaytirishga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, “CNH Industrial” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda o‘rim-yig‘im, melioratsiya va yo‘l qurilishida qo‘llaniladigan, gazda ishlaydigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari e’tibor markazida bo‘lib turibdi.

Yig‘ilganlar “CNH Industrial” kompaniyasining hududlararo markaziy omborxonasini binosi bilan tanishdi. Fermer xo‘jaliklari rahbarlariga yuqori unumli texnikalar topshirildi.
Bundan tashqari, kompaniya vakillari Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida ham bo‘lib, bu yerda “O‘ZKEYSSERVIS” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan zamonaviy o‘quv amaliyot xonalari va servis maydonchalarini ham ko‘rdi.
Zarif Komilov, O‘zA