English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda chigit ekishga kirishildi
11:04 / 2025-03-17

Buxoro tumani “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Qobil Sobir” fermer xo‘jaligi dalasida chigit ekish mavsumi oldidan ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi.

Viloyat hamda tumanlar agrar majmuasi, tumanlar hokimlari o‘rinbosarlari, sohaga mas’ul tashkilot va korxonalar, paxta-to‘qimachilik klasterlari, tadqiqotchi va mutaxassislar, paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari mutasaddilari, fermerlar qatnashgan seminarda plyonka ostida va ochiq maydonda chigit ekish agrotexnik talab va me’yorlari, texnikalar sozligi, chigitni bir tekis undirib olish bilan bog‘liq jarayon amaliy mashg‘ulotda batafsil tushuntirildi.

Ko‘rgazmali amaliy seminarda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov, respublikadan viloyatga biriktirilgan vakil, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Saidkarim Nishonboyev, viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov va boshqalar ekish agrotexnologiyasi xususidagi fikrlarini bildirib, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqonlarga o‘z tavsiya va takliflarini berdi.

Joriy yilda o‘tgan yilgidan salmoqliroq, ya’ni 85 ming gektar maydonda serhosil navlarga xos chigit ekib, “oq oltin” xirmoni barpo etish maqsad qilingan. Bu jarayonda viloyatdagi 11 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan tumanlardagi jami 3 ming 38 ta fermer xo‘jaligi bilan sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirishga doir shartnomalar tuzilgan.

Joriy yil chigit ekiladigan yalpi maydonning 34 ming gektari plyonka ostiga, shuningdek, 17 ming gektari qo‘shqator orasiga, 8 ming 750 gektari 90 santimetr, 305 gektari 76 santimetr va asosiy 64 ming 389 gektar qismi 60 santimetr oraliqda ekish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun tumanlarda paxta yetishtiriladigan jami 19 ming 84 ta konturda faoliyat olib boradigan 140 ta otryad, qolaversa, ular tasarrufidagi mavjud jami 418 ta chigit ekish seyalkasi, shundan, 223 ta yuqori unumli “Keys-1200” agregatining 43 tasi 76x10 sxemadagi qo‘shqator, 169 ta 76 x 10 sxemalik Xitoy ekishgichi va 26 ta oddiy chigit seyalkasi to‘liq tayyor holatga keltirilgan. 

O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, joriy yilda Xitoy texnologiyasi asosida  viloyatda 17 ming gektar maydonda xorijiy “Xin Lu Zao-57” navli urug‘lik chigit  plyonka ostiga ekilmoqda. O‘ziga xos ustuvorligi, bu navdan har gektariga 65 sentner hosil olish mumkin.

Seminarda zamonaviy, yuqori unum bilan ishlovchi qishloq xo‘jaligi texnika vositalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Paxtachilik sohasiga ilmiy, innovatsion g‘oyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri